date

«Benfika» Joze Mourino bilan rasmiy shartnoma imzolash arafasida

«Benfika» Joze Mourino bilan rasmiy shartnoma imzolash arafasida

Portugaliya futbolida katta yangilik — mashhur murabbiy Joze Mourino yana Vatanga qaytish arafasida. Insayder Fabritsio Romano o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, Lissabonning “Benfika” klubi tajribali mutaxassisni bosh murabbiy sifatida tayinlash jarayonini yakunlab bormoqda.

Manba ta’kidlashicha, 62 yoshli Mourino bilan 2027-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzolanishi rejalashtirilgan. Barcha rasmiyatchilik ishlari esa kelasi 24 soat ichida tugashi kutilmoqda. Bu xabar ortidan “Benfika” muxlislari orasida katta quvonch va intizorlik kayfiyati paydo bo‘ldi.

Eslatib o‘tish joiz, Joze Mourino murabbiylik faoliyatini aynan “Benfika” klubida boshlagandi. Keyinchalik u dunyo futbolida eng nufuzli klublar – “Real Madrid”, “Chelsi”, “Inter”, “Tottenhem”, “Roma”, “Port-u” hamda “Manchester Yunayted”da ishlab, o‘ziga xos uslubi va g‘alabalari bilan katta iz qoldirgan. Uning so‘nggi ish joyi esa Turkiyaning “Fenerbahche” klubi bo‘ldi.

“Benfika” rahbariyati Mourinoni jamoaga taklif etish qarorini YECHLning ilk turida “Qorabog‘”ga (2:3) kutilmagan mag‘lubiyatdan keyin qabul qildi. Ushbu natija ortidan bosh murabbiy Brunu Laje darhol ishdan bo‘shatildi.

Joze Mourino esa bundan avval jurnalistlar bilan suhbatda “Benfika”ni boshqarish imkoniyati unga qiziqarli ekanini va bunday taklifni rad etmasligini oshkor qilgandi. Endi esa u “burgutlar”ning yangi yetakchisi sifatida maydonga qaytishiga deyarli ishonch komil.

Shubhasiz, uning qaytishi nafaqat klub, balki butun portugaliya futboli uchun yangi tarixiy bosqich bo‘lishi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Benfika» Joze Mourino bilan rasmiy shartnoma imzolash arafasida