date

Mayk Tayson: “Bu mening qo‘limdan keladigan yagona ish”

Mayk Tayson: “Bu mening qo‘limdan keladigan yagona ish”

59 yoshga kirgan afsonaviy bokschi Mayk Tayson yaqinda o‘tgan intervyusida nega hanuz ringga chiqishini ochiqlik bilan bayon qildi. Uning so‘zlari nafaqat sport olamini, balki dunyo bo‘ylab millionlab muxlislarni ham o‘ylantirib qo‘ydi.

Taysonning aytishicha, bu savolni unga hatto o‘z oilasi ham bergan. “14 yoshli o‘g‘lim mendan: ‘Nega bunday qilayapsiz?’ — deb so‘radi. Bir lahzaga javobsiz qoldim. Keyin unga: ‘CHunki men bu ishni qilganlarning ichida eng yaxshisiman’, dedim. U bunga ishonmadi. Keyin yana qo‘shib qo‘ydim: ‘Bu mening qo‘limdan keladigan yagona ish. 50 yoshimda 20 yoshimdagidan ko‘ra ko‘proq pul ishladim. Buning uchun atigi 4 ta jang kerak bo‘ldi’, — dedi Tayson “Talksport” nashriga bergan intervyusida.

Jahon boksining tarixida “Temir Mayk” nomi bilan mashhur bo‘lgan Tayson sportga bo‘lgan muhabbati va bu sohadagi mahorati bilan hamon o‘zini saqlab turishini ta’kidladi. Uning fikricha, jismoniy jihatdan unda baribir kuch, tajriba va iroda yetarli, shu bois u yana maydonga qaytishdan cho‘chimaydi.

Eslatib o‘tamiz, Taysonning so‘nggi jangini 2024-yil 14 noyabr kuni amerikalik bloger va bokschi Jeyk Polga qarshi o‘tkazgan edi. Bellashuv juda shiddatli o‘tdi va hakamlar qaroriga ko‘ra g‘alaba Polga berildi. Shu bilan birga, bu jang katta rezonans uyg‘otdi va Taysonning hanuz ham muxlislar orasida ulkan qiziqish uyg‘otishini ko‘rsatdi.

Bugungi kunda boks olamida yosh iste’dodlar ko‘p, ammo Mayk Tayson kabi tarixiy shaxslarning ringga chiqishi sport ahli uchun hamisha katta voqea sifatida qabul qilinadi. Uning so‘zlari va jasorati yosh avlod uchun motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qilayotgani shubhasiz.

Taysonning yangi janglarida qanday natija qayd etishi hozircha noaniq, ammo bir narsa aniq: uning nomi va irodasi hamon boks tarixi sahifalarida yorqin ravishda yozilganicha qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mayk Tayson: “Bu mening qo‘limdan keladigan yagona ish”