“Manchester Yunayted” tarixidagi eng muvaffaqiyatli murabbiylardan biri, shotlandiyalik ser Aleks Fergyuson nafaqaga chiqqan bo‘lishiga qaramay, hanuz jamoa bilan bog‘liq hissiyotlarini yashira olmasligini ochiq tan oldi.
Futbol afsonasi aytishicha, ba’zan o‘zi ham bilmay, “qizil iblislar”ning zaxira o‘rindig‘ida o‘tirishni va jamoaga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishni istab qoladi. Biroq, u bu faqat hissiyot ekanini, amalda esa qaytib ish boshlash rejasi yo‘qligini ta’kidladi.
Fergyuson 2013-yilda “Manchester Yunayted”ni so‘nggi marta Angliya chempionligiga olib chiqqan edi. Shu vaqtdan beri mankunianliklar APLda barqaror o‘yin namoyish qila olmayapti. Aynan shu holat Fergyusonning ba’zan o‘y-xayolga berilgan holda qaytish haqida o‘ylab qolishiga sabab bo‘larkan.
Shotlandiyalik mutaxassis nafaqaga chiqqanidan beri 12-yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning merosi va sahnada qoldirgan izi hali ham “Old Trafford” devorlari orasida yangrab turibdi.
Fergyuson o‘z faoliyati davomida jamoa bilan Angliya Premer-ligasida 13 marta chempionlikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, “Yunayted”ni ikki bor Chempionlar Ligasi g‘olibligiga yetaklab, futbol tarixida o‘chmas iz qoldirgan.
Hozir u nafaqada bo‘lsa-da, klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlar aynan uning nomi bilan uzviy bog‘lanib qolgan. Shu bois ko‘plab muxlislar hanuz Fergyuson davrini orzu bilan eslashadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!