Futbol olamining eng nufuzli tashkiloti — Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi (FIFA) tarixiy qaror qabul qilish arafasida. Argentinadagi Ole nashrining yozishicha, FIFA 2030-yilda o‘tkaziladigan jahon chempionatini ilk bor 64 jamoa ishtirokida tashkil etishga tayyorligini bildirgan. Bu taklif Janubiy Amerika futbol konfederatsiyasi — KONMEBOL tashabbusi sifatida ilgari surilgan va hozirda katta qo‘llov topmoqda.
Agar ushbu loyiha amalga oshsa, musobaqa har biri to‘rtta jamoadan iborat 16 ta guruh shaklida tashkil etiladi. Har bir guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni egallagan jamoalar pley-off bosqichiga yo‘l olib, nokaut bosqichida kurashni davom ettiradi. Bu format nafaqat ishtirokchilar soni, balki musobaqa jarayonining dramatiklik darajasini ham rekord nuqtaga olib chiqishi mumkin.
2030 yilgi mundialning yana bir o‘ziga xos jihati — uning ko‘p qit’ada o‘tkazilishi. Ta’kidlanishicha, Ispaniya, Portugaliya va Marokash Yevropa hamda Afrika qit’alaridagi asosiy mezbon sifatida tanlangan bo‘lsa, Argentina, Paragvay va Urugvay ham jahon chempionati uchrashuvlariga sahna bo‘ladi. Shu tariqa, turnirning dastlabki uch guruhi Janubiy Amerikada, qolgan o‘yinlar esa Yevropa va Afrikada bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, FIFA avvalroq ishtirokchilar sonini 32 tadan 48 tagacha ko‘paytirish haqida qaror qabul qilgan va 2026 yilgi jahon chempionati tarixda 48 jamoa ishtirok etgan ilk musobaqa sifatida o‘tkaziladi. Biroq 2030-yildagi imkoniyat 64 jamoagacha kengayishi futbol olamida yangi davrni boshlab berishi mumkin.
Futbol muxlislari uchun bu xabar qo‘shimcha qiziqish uyg‘otmoqda. Chunki jahon chempionatida yangi mamlakatlar qatnashishi nafaqat geografiyani kengaytiradi, balki musobaqaga yangicha ruh, kutilmagan natijalar va yangi tarixiy voqealar olib kelishi ehtimoli yuqori.
2030-yil mundiali futbol tarixida eng yirik, eng nufuzli va eng ko‘lamli sport voqealaridan biri sifatida yodda qolishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!