Joriy yilning 16 oktyabr kuni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida Osiyo futbol konfederatsiyasi tomonidan qit’a miqyosida futbolning eng sara vakillarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi. Ushbu tantanali tadbirda 2025 yildagi yirik musobaqalar, jumladan, U-17 va U-20 Osiyo kuboklari hamda turli xalqaro chempionatlarda o‘z mahorat va iqtidorini namoyon etgan futbolchilar, murabbiylar va rasmiy shaxslar maxsus sovrinlarga sazovor etiladi.
Quvonarli jihati shundaki, turli nominatsiyalar qatorida O‘zbekiston U-17 terma jamoasi a’zosi Sadriddin Hasanov ham “Yilning eng yaxshi yosh futbolchisi” yo‘nalishi bo‘yicha asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rsatilgan.
Hasanovga bu yo‘nalishda Avstraliyalik Aleks Badolato va Saudiya Arabistoni sharafini himoya qilayotgan Hamid Yusuf munosib raqobatchi bo‘ladi.
Ma’lumot uchun, yosh hamyurtimiz Sadriddin Hasanov shu yil Saudiya Arabistonida o‘tkazilgan U-17 Osiyo chempionatida “Turnirning eng yaxshi futbolchisi” sifatida e’tirof etilgan edi.
G‘oliblar nomi 16 oktyabr kuni o‘tkaziladigan tantanali marosimda ma’lum qilinadi. O‘z navbatida, futbolchimizga omad va zafarlar tilaymiz!
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!