Yevropa Chempionlar Ligasi 2-turidan o‘rin olgan «Qayrat» – «Real» bahsi Olma-otada katta qiziqish bilan kuzatildi. Uyushqoq o‘yin ko‘rsatishga harakat qilgan qozog‘istonliklar, afsuski, kuchli raqibga qarshi to‘liq qarshilik ko‘rsata olishmadi va 0:5 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi. Uchrashuvdan keyin «Qayrat» jamoasi bosh murabbiyi Rafael Urazbaxtin matbuot anjumanida o‘z fikrlarini baham ko‘rdi.
«Real» bilan o‘ynash — o‘ziga xos maktab
Urazbaxtin fikricha, «Real» kabi klubga qarshi bahs jamoa uchun katta tajriba sifatida xizmat qildi:
«Bu haqida nima deyish mumkin? Biz turli darajadagi jamoalarmiz va buni tan olishimiz shart. Bunday raqibga qarshi o‘yin bizga katta maktab bo‘ldi. Albatta, mag‘lubiyat har doim alam qiladi, ammo bizning darajamizdan kelib chiqsak, futbolchilar yaxshi harakat qilishdi. Ayrim lahzalarda maydonda ustunlikka ham ega bo‘ldik».
«Gol urish imkoniyatlari bo‘ldi»
Murabbiy jamoasi o‘yin davomida hujumda imkoniyatlarga ega bo‘lganini ta’kidladi:
«Ehtimol, bitta gol urishga arziydigan vaziyatlarimiz bo‘ldi, ammo ularni oxiriga yetkaza olmadik. Shunga qaramay, futbolchilarimdan minnatdorman. Ular maydonda bor kuchini ishga solishdi. Bizning chempionatda bunday yuqori temp yo‘q, ammo biz kuchimiz yetganicha harakat qildik».
Muxlislarga minnatdorchilik
Urazbaxtin muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini alohida e’tirof etdi:
«Jamoaga yordam bergan barcha muxlislarga katta rahmat. Qur’ada «Real» tushgani biz uchun ma’lum ma’noda omad ham bo‘ldi. Chunki bunday jamoalarni Qozog‘istonga qanchalik ko‘p olib kelsak, butun mamlakat futboli uchun foyda bo‘ladi. Futbolchilar o‘sadi, klub ham tajriba orttiradi».
«Standart vaziyatlardan foydalanmoqchi edik»
Murabbiyning aytishicha, jamoa standart vaziyatlarda ko‘proq gol urishga intilishni rejalashtirgan:
«O‘yinchilarga startni faol boshlash kerakligini aytgandik. Birinchi daqiqalardayoq gol urish imkoniyatimiz bo‘ldi. Biroq «Real» kabi kuchli raqibga qarshi yuqori tempni saqlab qolish qiyin. Biz standart vaziyatlardan foydalanishni xohladik, ammo bu nasib etmadi».
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar