“Real Madrid” rahbariyati klub kelajagi va jamoa taktik imkoniyatlarini yanada kuchaytirish maqsadida yozda katta o‘zgarishlar qilishga tayyorlanmoqda. Xabi Alonso qo‘llayotgan o‘yin uslubiga mos futbolchilarni izlash davom etar ekan, madridliklar ikki yirik transfer bo‘yicha muhim qaror qabul qildi.
Transfer News Live va Defensa Central ma’lumotlariga ko‘ra, “Qirollik klubi” “Liverpul” bilan shartnomasi yakunlanayotgan Ibrohim Konateni Madridga olib kelish borasida kelishuvga erishgan. Manbalar xabar berishicha, 26 yoshli fransuz himoyachisi erkin agent sifatida yozda “Santyago Bernabeu”ga kelishga rozi bo‘lgan.
Konate hozirgacha “Liverpul” bilan shartnomani uzaytirmagani, bu esa uning “Real”ga yo‘lini ochganini ko‘rsatadi. Fransiya terma jamoasi a’zosi hisoblangan himoyachi jamoaning orqa chizig‘iga kuch qo‘shishi va Alonso tizimida muhim ijrochiga aylanishi mumkin.
Ikkinchi transfer mavsum hikoyalaridan biri – madridliklar tarbiyalanuvchisi Nikolas Pas haqida. Ayni vaqtda Italiya chempionatida “Komo” safida muvaffaqiyatli o‘ynayotgan argentinalik yosh yarimhimoyachi ko‘plab grand klublarning e’tiborini o‘ziga qaratgan. Ammo “Real” uni ortga qaytarish niyatida.
Qizig‘i shundaki, madridliklarda Nikolas Pasni bor-yo‘g‘i 10 million yevro evaziga qayta sotib olish imkoniyati mavjud. Bu esa jamoaga yosh va iqtidorli futbolchini arzon narxda qo‘lga kiritish imkonini beradi.
Manbalarning ta’kidlashicha, hech qanday kutilmagan o‘zgarishlar bo‘lmasa, har ikki futbolchi 2026-yilning yozida rasman “Real” safida to‘p surishni boshlaydi. Bu esa jamoaning kuchini yanada oshirishi va Yevropadagi raqobatda qo‘shimcha ustunlik berishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!