date

Parijdan keyingi sakrash: Habibullayev yangi vaznda jahon titulini qozondi

Parijdan keyingi sakrash: Habibullayev yangi vaznda jahon titulini qozondi

Liverpulda o‘tgan jahon chempionatida To‘rabek Habibullayev musobaqaning eng yorqin qahramonlaridan biriga aylandi. Parij–2024 sikli davomida -80 kg toifasida jang qilgan boksimiz bir yil ichida -90 kg vaznga ko‘tarilib, yangi sinovda ham o‘zini namoyon etdi va chemponlik tojini qo‘lga kiritdi. Chempionlikdan so‘ng u MOQ matbuot xizmatiga ta’sirli suhbat berdi.
«Eng og‘ir jang? — yarimfinal va final»
Habibullayevga ko‘ra, jahonda birinchi bo‘lish uchun har bir raqib jiddiy tayyorgarlik bilan ringga chiqadi. «Bu darajadagi musobaqalarda hech kim yutqazaman deb ringga chiqmaydi. Hamma bor kuchi bilan jang qiladi. Liverpulda yarimfinal va final avvalgi bosqichlarga nisbatan qiyinroq kechdi. Lekin murabbiylarim bergan aniq ko‘rsatmalar, raqibga moslashish va to‘g‘ri taktik reja meni oltin sari yetakladi», deya ta’kidladi chemplon. Uning so‘zlaricha, masofani his qilish, bosimni to‘g‘ri taqsimlash va oxirgi raundlarda tejamkor harakat g‘alabaning kaliti bo‘lgan.
Vazn almashinuvi: tabiiy qaror va yengil moslashish
Parijdan so‘ng To‘rabek ish uslubini qayta ko‘rib chiqdi: «Avval musobaqalar oldidan katta miqdorda vazn tashlashga to‘g‘ri kelardi, bu esa vaqt o‘tishi bilan og‘irlashdi. Ustozlar yuqoriroq toifaga o‘tishni maslahat berishdi — rozi bo‘ldim. Tabiiy vaznim yuqoriroq bo‘lgani uchun -90 kgga moslashishda jiddiy qiyinchilik sezmadim». Sportchi jismoniy tayyorgarlik, ovqatlanish va tiklanish protokollari qayta tuzilganini, shu bilan birga kuch va chidamkorlik ko‘rsatkichlari oshganini qo‘shimcha qildi.
Los-Anjeles–2028: faqat oltin maqsad
Habibullayevning keyingi yo‘l xaritasi aniq: «Ikkinchi Olimpiadamdan faqat oltin bilan qaytishni niyat qilganman. Bunday maqsad uchun yanada ko‘proq mehnat, ayniqsa tezlik va samarali kombinatsiyalar ustida ishlash talab etiladi». U xalqaro yig‘inlar, yuqori tempdagi sparringlar va raqib tahlilini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratayotganini aytdi.
Minnatdorlik va navbatdagi qadamlar
Chempion murabbiylar shtabi, tibbiy-reabilitatsiya guruhi va muxlislarga alohida rahmat izhor etdi: «Bu g‘alaba — jamoaviy mehnat samarasi. Bizni qo‘llab-quvvatlayotgan har bir insonning hissasi bor».
To‘rabek Habibullayevning yangi vazndagi zafarli qadami yana bir bor o‘zbek boksi maktabidagi tartib, intizom va to‘g‘ri rejalashtirishning qudratini namoyish etdi. Endi esa oldinda — Olimp o‘yinlari va yana katta maqsadlar.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Parijdan keyingi sakrash: Habibullayev yangi vaznda jahon titulini qozondi