Angliya futboli afsonalaridan biri, “Oltin to‘p” sohibi Maykl Ouen “Manchester Yunayted” klubining hozirgi ahvoliga nisbatan keskin fikr bildirdi. Uningcha, klub Fergyuson davridan keyin o‘z yo‘lini yo‘qotgan.
“Aleks Fergyuson ketganidan so‘ng, jamoa turli murabbiylarni sinab ko‘rdi, — deydi Ouen. — Ammo ulardan hech biri katta muvaffaqiyatga erisha olmadi. Keyin aybni o‘yinchilarga ag‘darishdi. Butun dunyodan eng mashhur futbolchilarni olib kelish uchun milliardlab funt sarflashdi. Lekin natijada ‘Manchester Yunayted’ o‘ziga xos futbolchilar qabristoniga aylandi. Bu klubda ko‘pchilik yulduzlar yorqin porlamay, yo‘qolib ketdi”, — deya ta’kidladi sobiq hujumchi.
Ouenning bu gaplari jamoa muxlislari orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Ayni paytda “Yunayted” Premyer-ligada 10 ochko bilan jadvalning o‘rtalarida bormoqda.
Ruben Amorim boshqaruvidagi jamoa o‘yini hali ham tinimsiz tanqidlarga uchramoqda. Ko‘plab ekspertlar fikricha, “qizil iblislar” keyingi yillarda o‘z an’anaviy kuchini yo‘qotgan va hozirgacha Fergyusondan keyingi bo‘shliqni to‘ldira olmagan.
Eslatib o‘tamiz, “Manchester Yunayted” Premyer-liga chempionligini oxirgi bor 2013 yilda qo‘lga kiritgan edi — bu esa aynan Fergyuson boshqargan so‘nggi mavsum bo‘lgan.
Jamoa keyingi yillarda jahonning eng qimmat o‘yinchilarini jam qilgan bo‘lsa-da, natijalar baribir muxlislarni qoniqtirmayapti.
Maykl Ouenning so‘zlariga ko‘ra, “Yunayted”ning haqiqiy muammosi — taktik izlanish emas, balki yo‘nalish va ruhni yo‘qotishdir.
“Bu klubda faqat pul emas, an’ana ham ishlashi kerak. Bir vaqtlar ‘qizil iblislar’ so‘zining o‘zi raqiblarga qo‘rquv solardi. Endi esa ular o‘ziga ishonchni yo‘qotib bo‘ldi”, — dedi sobiq yulduz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!