AQShning mashhur klubi “Inter Mayami” jahon futboli yulduzi Neymarning oʻz safidan koʻrish niyatida. Bu haqda Daily Mail nashri maʼlum qildi.
Manbaga koʻra, hozircha rasmiy muzokaralar boshlanmagan boʻlsa-da, braziliyalik futbolchining vakillari klub rahbariyati bilan shartnoma borasida gaplashishga tayyor. Bu variant hozirgi bosqichda Neymarning oʻzi uchun ham qiziqarli boʻlishi mumkinligi taʼkidlanmoqda.
Maʼlumot uchun, “Inter Mayami” hozirda ikki katta yulduz — Lionel Messi va Luis Suarez bilan shartnomani uzaytirish boʻyicha muzokaralar olib bormoqda. Ular Neymar bilan birgalikda 2014–2017 yillarda “Barselona” safida toʻp tepgan va jahon futbolida tarixiy “MSN” hujum triosini tashkil etgan edilar.
Agar Neymarning transferi amalga oshsa, “Inter Mayami” yana bir bor diqqat markaziga chiqishi aniq. Klub soʻnggi yillarda nafaqat Messi va Suarezni, balki Jordi Alba kabi sobiq “Barselona” yulduzlarini ham jamoasiga jalb etgan.
Tahlilchilar fikricha, Neymarning AQShga koʻchishi nafaqat marketing jihatdan, balki MLS ligasi nufuzini yanada oshirish nuqtai nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi.
Ayni paytda futbolchi Braziliyaning “Santos” klubi safida jarohatdan keyin tiklanish jarayonini oʻtamoqda. Uning kelgusi mavsumda qayerda faoliyatini davom ettirishi hali nomaʼlum, ammo “Inter Mayami” varianti tobora haqiqatga yaqinlashib bormoqda.
Shunday qilib, Messi va Suarezga yangi qoʻshni paydo boʻlishi mumkin — Mayamida “Barselona” ruhi yana jonlanishi ehtimoli katta.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!