Antonio Cassano Lionel Messining faoliyatini yakunlash muddatini maʼlum qildi

Italiyalik sobiq futbolchi Antonio Cassano AQShga tashrifi chogʻida Inter Miami yulduzi Lionel Messi bilan uchrashdi. Florida shtatidagi mashgʻulot bazasida boʻlib oʻtgan suhbat davomida tomonlar futbol olamidagi koʻplab mavzularni muhokama qilishdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Cassano Viva El Futbol podkastida Messi bilan boʻlgan taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi. Uning soʻzlariga koʻra, argentinalik futbolchi oʻzining buyukligi haqidagi savollarga juda kamtarona munosabat bildirgan va shaxsiy reytinglar uning uchun ahamiyatsiz ekanligini taʼkidlagan.
Eng muhimi, Lionel Messi oʻzining jismoniy holati va futboldagi ishtiyoqi haqida gapirib, yana uch-toʻrt yil davomida maydonda qolish niyatida ekanligini yashirmadi. Bu esa muxlislar kutganidan ham uzoqroq vaqt davomida uni yashil maydonda koʻrishimiz mumkinligini anglatadi.
Hozirda 37 yoshda boʻlgan futbolchi Inter Miami bilan 2028-yilning oxirigacha moʻljallangan shartnomaga ega. Ushbu bayonotlar Messi 41 yoshigacha professional faoliyatini davom ettirishi mumkinligidan dalolat beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!