
O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida mamlakat kubogi finalida hakamlar tomonidan qabul qilingan qarorlar yuzasidan keng muhokama bo‘lib o‘tdi. Tadbirda hakamlar markazi rahbariyati, ekspertlar, OAV va sport jurnalistlari ishtirok etdi, deb xabar berdi tashkilot matbuot xizmati.
Yig‘ilishda O‘zbekiston futbol hakamlar markazi rahbari vazifasini bajaruvchi Ma’mur Saidqosimov so‘zga chiqib, final uchrashuvida kuzatilgan bahsli epizodlar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Unga ko‘ra, “Paxtakor” va “Buxoro” o‘rtasidagi bellashuvda hakamlar harakatlari alohida tahlil qilingan va har bir qaror VAR yordamida qayta ko‘rib chiqilgan.
“Hakam finaldan ikki kun oldin Termizdagi o‘yinda ishlagani — kichik, lekin ahamiyatli xato bo‘ldi. Buni men shaxsan tan olaman. Ko‘pchilik xorijlik hakam chaqirish kerak deb hisobladi, ammo mening fikrimcha, bizdagi referilarning saviyasi yuqori. Ular xalqaro musobaqalarda ham yaxshi baholanmoqda. Masalan, Asker Najafaliyev Indoneziya chempionatida bir necha hal qiluvchi o‘yinlarda ishladi, Tantashev BAAda taklifda, Xitoyda esa uch marta faoliyat olib bordi”, – dedi Saidqosimov.
Uning ta’kidlashicha, mahalliy hakamlar xalqaro maydonda o‘zini namoyish etayotgan bir paytda, ularga ishonch bildirish muhim omil hisoblanadi.
Yig‘ilishda final uchrashuvining 75-daqiqasida “Paxtakor” futbolchisi Bashar Resan tomonidan sodir etilgan qo‘pol fol atrofida bahs bo‘ldi. VAR aralashuvidan so‘ng bosh hakam Nayim Qosimov vaziyatni qayta ko‘rib chiqqan bo‘lsa-da, qarorini o‘zgartirmagan va faqat sariq kartochka bilan cheklangan. Shuningdek, 93-daqiqada “Buxoro” jamoasining bekor qilingan goli ham muhokama markazida bo‘ldi.
Ekspert hakamlar guruhi ushbu vaziyatda bosh hakamning qarorini noto‘g‘ri deb topdi. Ular fikricha, Resanning harakati raqibga jiddiy xavf tug‘dirgan va u holat qizil kartochkaga to‘liq asos bo‘lgan.
Asker Najafaliyev yig‘ilishda o‘z pozitsiyasini himoya qildi: “Men hali ham fikrimda qolaman. ‘Ko‘k libosdagi futbolchi butsasining tag qismi bilan raqibning himoyalanmagan oyog‘iga o‘ynagan — bu to‘g‘ridan to‘g‘ri qizil kartochka’. Gol bekor qilingan vaziyatda esa ikki futbolchi — Kolakovich va Tabatadze ofsaydda edi”, dedi u.
Bosh hakam Nayim Qosimov esa o‘z qarorini shunday izohladi: “Bu vaziyat sariq va qizil kartochka o‘rtasidagi chegara edi. Men sariqni ma’qul deb hisobladim”.
Ma’mur Saidqosimov esa yig‘ilish yakunida qo‘shimcha qildi: “Eng muhim jihat — Resanning oyog‘i to‘pning ustidan o‘tib ketgani e’tiborga olinmagan. Bu holatda qizil kartochka berilishi kerak edi. Hakam xato qildi, buni tan olamiz”.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston kubogi finalida “Paxtakor” va “Buxoro” jamoalari to‘qnash kelgan edi. Bellashuvda toshkentliklar 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, kubokni qo‘lga kiritishgan.
Finaldan keyingi muhokamalar yana bir bor shuni ko‘rsatdiki, milliy chempionatda hakamlik madaniyatini takomillashtirish va VAR tizimidan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ishlarni kuchaytirish talab etiladi. Futbol muxlislari esa shunday ochiq muhokamalar orqali hakamlar faoliyatida shaffoflik ortganini ta’kidlashmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!