
Istanbulning mashhur klubi «Galatasaroy» futbol olamini yana bir sensatsiya bilan hayratda qoldirishi mumkin. Turk matbuotining xabar berishicha, jamoa rahbariyati 2026 yilgi jahon chempionati oldidan Amerikadagi MLS musobaqasi tanaffusidan foydalanib, Lionel Messini qisqa muddatga jamoaga qo‘shib olish niyatida. Bu haqda Transfer TV nashri yozmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 38 yoshli argentinalik yulduz hozirda «Inter Mayami» safida o‘ynamokda va musobaqalar orasidagi tanaffusni Yevropada o‘tkazishi mumkin. «Galatasaroy» rahbariyati aynan shu davrdan unumli foydalanib, Messini to‘rt oyga ijara asosida jamoaga qo‘shish uchun muzokara boshlagan.
Manbalarning yozishicha, Istanbul klubi Messining o‘zi va uning atrofidagi odamlar bilan allaqachon bevosita aloqa o‘rnatgan. Turkiyaliklar bu kelishuv orqali nafaqat jamoa salohiyatini oshirish, balki chempionatga bo‘lgan qiziqishni ham kuchaytirishni ko‘zlamoqda.
Qayd etilishicha, «Galatasaroy» Messining 4 oylik faoliyati uchun 10 million yevro miqdorida maosh to‘lashga tayyor. Klub rahbariyati bu mablag‘ni o‘z vaqtida ta’minlash uchun alohida moliyaviy reja tayyorlaganini ham ma’lum qilgan.
Ko‘pchilik ekspertlar fikriga ko‘ra, bunday taklif Messi uchun qiziq bo‘lishi mumkin, chunki Turkiya chempionatidagi yuqori temp va muxlislar muhiti unga jahon chempionati oldidan yaxshi mashq imkonini beradi. Shu bilan birga, «Galatasaroy» uchun ham bu transfer marketing jihatdan katta yutuq bo‘ladi.
Klub skautlari Messining «Inter Mayami»dagi har bir harakatini sinchiklab kuzatmoqda va uning jismoniy holati, o‘yin tezligi hamda maydondagi faoliyati haqida muntazam hisobot berib turishmoqda.
Hozircha taraflar o‘rtasida rasmiy kelishuv imzolanmagan bo‘lsa-da, agar muzokaralar ijobiy yakunlansa, Messi 2026-yil boshida Turkiyaga yo‘l olishi mumkin.
Bu taklif amalga oshsa, Lionel Messi o‘z karerasida ilk bor Turkiya chempionatida to‘p suradi va bu «Galatasaroy» uchun ham, butun turk futboli uchun ham katta voqea bo‘lishi shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!