
Angliya Premer-ligasida so‘nggi mavsumlarda barqaror o‘yin namoyish etayotgan “Arsenal” yana bir tarixiy ko‘rsatkichga yaqinlashmoqda. Mikel Arteta shogirdlari hozirda so‘nggi 100 dan ortiq bahsda har bir uchrashuvda ikkitadan ko‘p to‘p o‘tkazmagan holda APL tarixida shunday natija qayd etgan ikkinchi jamoa sifatida qayd etildi.
Bungacha bu yutuqqa faqat Joze Mourino boshqaruvidagi “Manchester Yunayted” yetib borgan edi. Bu esa “kanonirlar”ning himoyadagi ishonchli va jamoaviy harakatining yaqqol ifodasi bo‘lib, ularning barqaror tarzda o‘sib borayotganini ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, “Arsenal” hozirda yana bir muvaffaqiyatga yaqin turibdi. Agar jamoa mavsumning qolgan qismlarida ham hozirgi himoya darajasini saqlab qolsa, ular 2004/05 yilgi “Chelsi” rekordini yangilashlari mumkin. O‘shanda londonlik raqiblar butun mavsum davomida atigi 15 ta gol o‘tkazishgan edi — bu Premer-liga tarixidagi eng past ko‘rsatkich hisoblanadi.
Hozirgi paytda “Arsenal” o‘rtacha hisobda raqiblarga juda kam imkoniyat bermoqda. Jamoa ko‘plab “quruq” o‘yinlar o‘tkazayotgani bilan ajralib turibdi. Himoyachilar Uilyam Saliba va Gabriel Magal’yayesning ishonchli o‘yini, darvozabon Devid Rayyaning aniq harakatlari ham bu barqarorlikda muhim rol o‘ynamoqda.
Shu bilan birga, Mikel Arteta jamoasining hujumdagi natijalari hozircha unchalik yorqin emas. “Arsenal” ba’zi o‘yinlarda to‘p ustidan to‘liq ustunlikka ega bo‘lsa-da, gol urishdagi samaradorlikni oshirish zarurligi ta’kidlanmoqda.
Tahlilchilar fikricha, agar “kanonirlar” himoyadagi bu muvozanatni saqlab qolish bilan birga hujumda ham samaradorlikni oshira olsa, ular mavsumni tarixiy natija bilan yakunlash ehtimoli yuqori.
Ayni damda “Arsenal” Premer-liga jadvalida ochkolar soni bo‘yicha peshqadamlikni saqlab turibdi. Jamoa muxlislari esa ushbu natija klubning “oltin davri”ni esga solayotganidan mamnun.
Hozirgi “Arsenal” faqat natija emas, uslub jihatidan ham barqaror va ko‘zga yoqimli futbol namoyish etib, Angliya maydonlaridagi eng jozibali jamoalardan biriga aylangani shubhasiz.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!