
Turkiyaning mashhur va tarixiy klubi “Galatasaroy” oxirgi paytlarda nafaqat mahalliy maydondagi, balki xalqaro futbol sahnasidagi eng qiziq mavzulardan biriga aylandi. Sababi — klub nomiga bog‘langan “Lionel Messi Istanbulga keladimi?” degan savol.
Bu haqdagi xabarlar turk OAVida chinakam shov-shuvga aylandi. Ko‘p o‘tmay, klub prezidenti Dursun O‘zbek ushbu masalaga o‘zi izoh berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Galatasaroy” endilikda bunday yirik transferlar atrofidagi gap-so‘zlar markazida bo‘lish darajasiga yetib kelgan.
“Sizlar Messi haqida gapiryapsizlarmi? Buning o‘zi juda katta narsa. «Galatasaroy» bugun katta transferlar bo‘yicha muzokaralar olib borish darajasiga chiqdi. Biz so‘nggi uch mavsumda milliy chempionatda g‘olib chiqdik va jamoamizning o‘zagini saqlab qoldik. Hozir barcha ishlarimizni moliyaviy imkoniyatlarimizga tayana olgan holda amalga oshiryapmiz. Shuning uchun ham hamma Messi haqida so‘ray boshladi”, — dedi Dursun O‘zbek jurnalistlar bilan suhbatda.
Prezidentning bu gaplari Istanbul klubi ambitsiyasi qay darajada yuqori ekanini yana bir bor namoyon qildi. Uning ta’kidlashicha, “Galatasaroy” nafaqat ichki chempionatda, balki xalqaro maydonda ham katta natijalar sari intilyapti.
Messi bilan bog‘liq xabarlarga kelsak, ayrim xalqaro manbalar argentinalik afsona 2026 yilgi jahon chempionatigacha yuqori sport formasini saqlab qolish maqsadida MLSdagi mavsumlar oralig‘ida Yevropaga qisqa muddatli ijaraga kelishi mumkinligini bildirgan.
Shu kabi ssenariyda “Inter Mayami” hujumchisi uchun ehtimoliy manzil sifatida aynan “Galatasaroy” tilga olingan. Bu esa turk muxlislariga katta umid bag‘ishladi. Agar bu bitim amalga oshsa, Lionel Messi ilk bor Turkiya chempionatida to‘p surgan bo‘ladi.
MLSning yangi mavsumi kelasi yilning mart oyida start oladi. Shu vaqtgacha Messi faoliyatida qisqa “Yevropa sayohati” bo‘lishi ehtimoli yo‘q emas.
Har holda, “Galatasaroy” prezidentining so‘zlaridan shu narsa anglashiladiki, klub orzu qilishdan to‘xtamaydi va eng yuqori cho‘qqilarni ko‘zlamoqda. Shuning o‘zi ham muxlislar uchun katta umid va ilhom manbai hisoblanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!