
Afrika mintaqasidagi 2026 yilgi jahon chempionati saralash jarayoni kecha yana bir muhim bosqichga kirdi. Guruh bosqichida o‘z to‘plamlarida ikkinchi o‘rinni egallagan eng yaxshi to‘rt jamoa ishtirokidagi pley-off yarim final duellari Marokash mezbonligida g‘oyat keskin va ehtirosli o‘tdi.
Ushbu bosqichning birinchi qarama-qarshiligida Nigeriya terma jamoasi Gabonga qarshi maydonga tushdi va o‘yin boshidanoq ustunlikni qo‘lga olgan «super bүrgutlar» raqibini yirik 4:1 hisobida taslim etdi. Bu g‘alaba Nigeriyaga pley-off finaliga yo‘llanma olib keldi va terma jamoa yana bir bor o‘zining jiddiy da’vogar ekanini namoyish qildi.
Maydondagi gollar ham o‘ziga xos dramatik tarzda ro‘y berdi. 78-daqiqa Adams hisobni ochdi, 98-daqiqada Ejuke imkoniyatdan unumli foydalanib ustunlikni oshirdi. Qo‘shimcha vaqtda Osimhenning ikki bor aniq zarba yo‘llashi esa o‘yin taqdirini mutlaqo hal qilib berdi. Gabon safida yagona golni 89-daqiqada Lemina urdi, ammo bu natijani o‘zgartira olmadi.
Nigeriya — Gabon 4:1
Gollar: Adams (78), Ejuke (98), Osimhen (102, 110) — Lemina (89).
Kechaning yana bir qiziqarli dueli Kamerun va Kongo DR jamoalari o‘rtasida kechdi. Ko‘pchilik Kamerunni favorit sifatida ko‘rayotgan bir paytda Kongo DR kutilmaganda raqibini sensatsion tarzda mag‘lub etdi. Bellashuv juda tor kurashda o‘tdi va yagona gol 90+1-daqiqada Mbemba tomonidan yo‘llandi. Bu gol Kongo DRni pley-off finaliga olib chiqdi va jamoa tarixiy imkoniyat eshigini ochdi.
Kamerun — Kongo DR 0:1
Gol: Mbemba (90+1).
Endilikda eng muhim bosqich — 16-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan final qarama-qarshiligi kutilyapti. Unda Nigeriya va Kongo DR terma jamoalari jahon chempionati yo‘llanmasiga olib boruvchi qit’alararo pley-offga chiqish uchun kurashadi.
Finalda g‘alaba qozongan jamoa keyingi «mini-turnir»da ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi va agar u yerda ham zafar quchsa, 2026 yilgi jahon chempionati yo‘llanmasi qo‘lidan keladi.
Bu to‘qnashuv Afrika futbolining haqiqiy ruhini aks ettirgan, ehtiros va dramatizmga boy final bo‘lishi shubhasiz. Muxlislar uchun esa o‘sha kun futbol bayramiga aylanishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.