date

Vey I: Sindarovga qarshi final oson bo‘lmaydi

Vey I: Sindarovga qarshi final oson bo‘lmaydi

Jahon kubogi yarim finali ortda qoldi, ammo uning ta’siri hali futbol yoki tennisdagidek tez tarqalmaydi — shaxmatda har bir o‘yin, har bir qaror, har bir xatolik uzoq vaqt tafakkurda qoladi. Xabaringiz bor, hamyurtimiz Javohir Sindarov finalda xitoylik Vey Iga qarshi dona surishi aniq bo‘ldi. Bu ikkala mahoratli yigitning to‘qnashuvi shaxmat jamoatchiligi orasida allaqachon katta qiziqish uyg‘otgan.

Yarim finalni muvaffaqiyatli yakunlagan Vey I bellashuvdan keyin jurnalistlar bilan suhbatda o‘z fikrlarini ochiq va samimiy bayon qildi. Unda charchoq, yengil nafas olish va ustida katta ish qilingan bir o‘yinning izlari sezilib turardi.

Jurnalistlardan biri undan shunday savol berdi:

"Bahsdan so‘ng biroz charchagandek ko‘rinyapsiz. Finalga tayyorgarlik qanday kechadi? Axir, hal qiluvchi o‘yin oldida turibsiz?"

Vey I esa vazmin holda javob qaytardi:

"Yarim finalda omad men tomonda bo‘ldi va buni inkor qilmayman. Bundan juda xursandman. Musobaqaga kelganimda asosiy maqsadim Nomzodlar turniriga yo‘llanish edi. Bu bosqichni ortda qoldirdim va endi finalga diqqat qaratishim mumkin."

Uning fikricha, Sindarovga qarshi bellashuv juda qattiq kechishi tayin.

"Javohir — iste’dodli, kuchli va hozir a’lo formada. U faqat klassik shohmotda emas, rapid va blitsda ham juda kuchli. Shuning uchun final o‘yinini yengil bo‘ladi, deb ayta olmayman", — dedi xitoylik shaxmatchi.

Xullas, ikki yuksak darajadagi mahorat — Sindarov va Vey I o‘rtasidagi final nafaqat shaxmat dunyosi, balki yurtimiz ishqibozlari uchun ham haqiqiy intiqlik bilan kutiladigan bellashuvga aylandi. Ushbu uchrashuvda nafaqat mahorat, balki ruhiy barqarorlik, bosimga chidamlilik va muhim qarorlarni tez qabul qilish qobiliyati hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Bizni juda qiyin, ta’sirli va shaxmat tarixi uchun esda qolarli final kutib turibdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Vey I: Sindarovga qarshi final oson bo‘lmaydi