
Navbatdagi Jahon chempionati uchun qur’a tashlandi va O‘zbekiston terma jamoasi “K” guruhidan joy oldi. Biz Portugaliya, Kolumbiya hamda Kongo/Yamayka/Yangi Kaledoniya uchligidan keladigan raqib bilan to‘qnashamiz. Qur’a jarayonidan so‘ng futbol muxlislari va ekspertlar o‘rtasida qizg‘in muhokamalar boshlandi. Sports.uz saytiga taniqli sharhlovchi Abror Jo‘raqulov ham o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Uning ta’kidlashicha, guruhni “juda yengil” yoki “juda og‘ir” deb aniq baholash to‘g‘ri emas.
“Bu qur’a nihoyatda omadli ham, omadsiz ham emas. Masalan, Fransiya va Senegal to‘plangan guruhni olsak, u yerda vaziyat ancha og‘irroq bo‘lishi mumkin edi. Nima bo‘lganda ham, Jahon chempionatida har qanday raqibga qarshi tayyor turish zarur. Qiyin-oson degan tushunchaga o‘rnashib qolmaslik kerak, taqdir bizga qaysi guruhni bergan bo‘lsa, shu bilan ishlashimiz shart”, — deydi Jo‘raqulov.
Qaysi raqibdan ochko olish mumkin?
Taniqli sharhlovchiga ko‘ra, Portugaliyaga qarshi uchrashuv murakkab o‘tadi, ammo Kolumbiya bilan o‘yinda imkoniyat bor:
“Portugaliyaga qarshi bellashuv oson kechmaydi. Lekin Kolumbiyaga qarshi o‘yinda ochko olish imkoni ancha real. Misr bilan bahsdan oldin ham deyarli hech kim bizdan g‘alaba kutmagandi, ammo jamoa o‘zini ko‘rsatdi. “Birinchi marta qatnashyapmiz” degan fikr futbolchilarning ongiga ham salbiy ta’sir qilishi mumkin. Aksincha, “Biz kuchli jamoamiz” degan ishonchni mustahkamlash vaqti keldi”.
Agar guruhdan chiqa olmasak…
Abror Jo‘raqulov bu ehtimolni ham real qabul qilish kerakligini aytadi:
“Albatta, pley-offga chiqishini istayman. Agar chiqolmasak, tabiiyki, biroz xafa bo‘laman. Lekin buni fojea sifatida qabul qilmayman. Har qanday holatda ham aybni avvalo o‘zimizdan izlashimiz kerak”.
Jo‘raqulovning fikrlaridan ko‘rinib turibdiki, mutaxassisning ishonchi baland, ammo u hamon realistik yondashuvni saqlab turibdi. O‘zbekiston termasi ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etadi, lekin bu fakt qo‘rquv emas, yangi tarix yozish uchun rag‘bat bo‘lishi kerak. Muxlislar esa bir narsaga ishonishi mumkin — jamoa har bir o‘yinda o‘z so‘zini aytishga harakat qiladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.