
Eron chempionati 13-turidan o‘rin olgan bahsda Tehronning mashhur “Istiqlol” klubi o‘z maydonida “Malavan”ni qabul qildi va keskin tarzda kechgan uchrashuv 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. Mezbonlar g‘alaba sari intilib o‘ynagan bo‘lsa-da, hakam qarorlari ularni qoniqtirmadi. Bellashuvdan so‘ng bosh murabbiy Rikardo Sapinto nafaqat o‘yin haqida, balki bir necha oydan beri jamoa ro‘yxatiga kira olmayotgan Jaloliddin Masharipov borasida ham muhim yangiliklarni ma’lum qildi.
Sapintoning ta’kidlashicha, mashhur qo‘llovchi hujumchi Masharipovning kelajagi hozircha klub nazoratida. “U ro‘yxatga kiritiladimi yoki jamoani tark etadimi? Barchasi hujjat ishlariga bog‘liq. Agar hammasi rejadagidek kechsa, Jaloliddin qisqa vaqt ichida jamoaga qaytishi mumkin”, — dedi portugaliyalik mutaxassis.
U, shu bilan birga, o‘ziga qarshi ketayotgan omadsiz vaziyatlardan charchaganini yashirmadi: “Ochig‘i, juda toliqdim. Ko‘p gapirishga ham hozir holi-madorim yo‘q. Faqat adolatni istayman. Bugun yana bizdan 3 ochkoni olib qo‘yishdi, deb hisoblayman”, — deya qo‘shimcha qildi Sapinto.
Ma’lumki, mavsum boshida Jaloliddin Masharipov og‘ir jarohat olgani uchun klub uni legioner limiti tufayli ro‘yxatga kirita olmagandi. Shunga qaramay, “Istiqlol” murabbiylar shtabi uning tiklanishini diqqat bilan kuzatib kelmoqda.
Masharipovning qayta safga qo‘shilishi eronlik muxlislar va o‘zbek futboli ishqibozlari uchun katta yangilik bo‘lishi shubhasiz. Uning tez orada maydonga qaytishi jamoaga yangi kuch, yangi ijodkorlik va yangi umid beradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.