
15 dekabr kuni yo‘llangan rasmiy tabrikda Prezident V Yoshlar Paraosiyo o‘yinlarida ulkan muvaffaqiyat qayd etgan sportchilar, ularning ustoz-murabbiylari hamda ota-onalarini chin dildan qutladi. Davlat rahbari mazkur natijani mamlakat sport tarixidagi muhim voqealardan biri sifatida ta’rifladi.
Ta’kidlanishicha, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tgan nufuzli musobaqada Osiyoning 35 davlatidan 1 ming 500 nafardan ziyod sportchi ishtirok etdi. Ana shunday kuchli raqobat muhitida o‘zbekistonlik yosh parasportchilar jasorat, matonat va yuksak tayyorgarlik namoyon etib, haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdi. Prezident tabrigida bu yutuq O‘zbekiston paralimpiya harakati tarixida yana bir yorqin va faxrli sahifa ochgani alohida qayd etildi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekiston terma jamoasi musobaqa davomida 99 ta oltin, 57 ta kumush va 41 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida Osiyo qit’asida mutlaq peshqadam bo‘ldi. Quvonarlisi, turnir kunlarida O‘zbekiston davlat madhiyasi qariyb 100 marta yangrab, yurt bayrog‘i eng baland pog‘onalarda hilpiradi.
Tabrikda para pauerlifting bo‘yicha ayrim sportchilar jahon va Osiyo rekordlarini yangilagani, para yengil atletikaning bir qator yo‘nalishlarida esa barcha medallar to‘plami O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgani alohida e’tirof etildi. Bu natijalar mamlakatda parasport sohasida olib borilayotgan tizimli islohotlar samarasini yaqqol namoyon etmoqda.
Prezident shuningdek, yurtimizda paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish maqsadida maxsus qaror qabul qilinganini eslatdi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimida Adaptiv sport turlari assotsiatsiyasi, “Matonat maktabi” hamda mutaxassislar tayyorlash instituti faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ta’kidlandi. Bugungi kunda adaptiv sport yo‘nalishlari 89 taga yetkazilib, mahallalarda ushbu sport turlari bilan muntazam shug‘ullanuvchilar soni 45 ming nafardan oshgan.
Yakunda davlat rahbari yosh parasportchilarga mustahkam sog‘liq, kelgusi faoliyatlarida ulkan omad va yangi zafarlar tilab, ularning g‘alabalari butun xalq uchun ilhom manbai ekanini qayd etdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.