
Angliya Premer-ligasining 16-turida “Manchester Siti” safarda “Kristal Pelas”ni 3:0 hisobida mag‘lub etdi. Bu natija nafaqat navbatdagi uch ochko, balki Pep Gvardiola uchun tarixiy marra bo‘ldi.
Ushbu g‘alaba orqali ispaniyalik murabbiy boshqaruvidagi “shaharliklar” APL doirasida 3 va undan ko‘p gol urib g‘alaba qozongan 150-uchrashuvini qayd etdi. Qizig‘i shundaki, bu ko‘rsatkichga yetish uchun Gvardiolaga atigi 358 ta o‘yin kifoya qildi.
“Manchester Siti” rasmiy sayti ma’lum qilishicha, Pep shu tariqa Angliya futboli afsonasi hisoblangan Aleks Fergyusonning rekordini ortda qoldirdi. “Manchester Yunayted”ning sobiq ustozi Premer-ligada 522 ta o‘yinda ishtirok etgan bo‘lib, shulardan 149 tasida jamoasi 3 va undan ortiq gol bilan g‘alaba qozongan edi.
Gvardiola esa bu natijani ancha qisqa muddatda takrorlabgina qolmay, yangilashga ham muvaffaq bo‘ldi. U 2016 yildan buyon “Manchester Siti”ni boshqarib kelmoqda va shu davr ichida klubni Angliya futbolida mutlaq ustun jamoaga aylantirdi.
Ispaniyalik mutaxassis rahbarligida “Siti” 6 marta APL chempionligini qo‘lga kiritdi, bir necha bor rekordlar o‘rnatdi va doimiy ravishda hujumkor, tomoshabinbop futbol namoyish etmoqda. Mutaxassislar fikricha, Gvardiolaning jamoasi hali yana ko‘plab tarixiy natijalarga erishishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.