
O‘tgan mavsumdagi qiyin davrdan keyin "Manchester Siti" rahbariyati 2025 yilni katta transferlar bilan qarshi olgan edi. Qishki oynada “shaharliklar” jiddiy sarmoya kiritib, Abduqodir Husanov, Vitor Reys, Niko Gonsales va Umar Marmushni tarkibga qo‘shdi. Bu qaror klubning yangi bosqichga o‘tish niyatidan darak berardi.
To‘rt futbolchi orasida faqat eng yoshi kichik Vitor Reys tajriba orttirish maqsadida yozda "Jirona"ga ijaraga yuborildi. Qolgan uch nafar esa asosiy jamoada saqlanib qoldi va Xosep Gvardiola ulardan vaziyatga qarab foydalanmoqda.
Angliya futboliga moslashish jarayonida bu o‘yinchilarga boshqa klublar ham e’tibor qarata boshladi. Ilgariroq Husanovga "Lans" va "Liverpul" tomonidan qiziqish bo‘lgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Endi esa ijtimoiy tarmoqlarda ishonchli insayder sifatida tanilgan The Real Tolmie’s Hairdoo manbasi Umar Marmush atrofida yangi mish-mishlarni tarqatdi. Unga ko‘ra, 26 yoshli misrlik hujumchiga APLning yana bir vakili — "Tottenxem" jiddiy qiziqish bildirmoqda. London klubi Marmushni hujum chizig‘ini kuchaytirish uchun munosib variant deb hisoblayotgani aytilyapti.
Eslatib o‘tish joiz, "Manchester Siti" Marmushni qishda Bundesliganing "Ayntraxt" jamoasidan 75 million yevro evaziga olib kelgan. Biroq u hozircha jamoada asosan Erling Xoland ortida qolib ketmoqda.
Joriy mavsumda Marmush barcha musobaqalarda 15 ta o‘yinda ishtirok etib, bittadan gol va assist qayd etdi. Bu ko‘rsatkich superklub hujumchisi uchun kam hisoblanadi va uning hali jamoada hal qiluvchi figuraga aylanib ulgurmaganini ko‘rsatadi.
Futbolchining “Siti” bilan amaldagi shartnomasi 2029 yil yozigacha amal qiladi. Transfermarkt portali esa uning bozor qiymatini 65 million yevro atrofida baholamoqda. Endi eng qiziq savol — Marmush o‘z o‘rnini “Siti”da topadimi yoki yangi chaqiruvni qabul qiladimi? Muxlislar javobni sabrsizlik bilan kutmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.