date

“So‘g‘diyona” darvozasini serbiyalik tajribali posbon qo‘riqlashi ma’lum bo‘ldi

“So‘g‘diyona” darvozasini serbiyalik tajribali posbon qo‘riqlashi ma’lum bo‘ldi

Yangi mavsum oldidan katta maqsadlar qo‘ygan “So‘g‘diyona” futbol klubi tarkibni mustahkamlash ishlarini jadal sur’atlarda davom ettirmoqda. Jizzaxliklar bu safar jamoaning eng muhim nuqtalaridan biri — darvoza chizig‘ini kuchaytirishga qaror qildi.

Klub rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, “So‘g‘diyona” serbiyalik tajribali darvozabon Nikola Mirkovich bilan to‘liq kelishuvga erishgan. Tomonlar o‘rtasida imzolangan shartnoma 2026 yilning oxiriga qadar amal qiladi. Bu esa klubning uzoq muddatli rejalari borligini yaqqol ko‘rsatadi.

Nikola Mirkovich Yevropa futbolida yetarlicha tajriba orttirgan posbon hisoblanadi. U faoliyati davomida Serbiya, Daniya va Gretsiya chempionatlarida to‘p surib, turli uslub va maktablarda o‘zini sinab ko‘rgan. Xususan, u “Chukarichki”, “Novi Pazar”, “Metalas”, “Dobanovtsi”, “Mladost”, Daniyaning “SønderjyskE”, Gretsiyaning “Atromitos Afina”, shuningdek “Rad”, “Spartak” va “Zvezda Gradachas” kabi klublar sharafini himoya qilgan.

Darvozabonning so‘nggi jamoasi yana Serbiyaning “Chukarichki” klubi bo‘lgani ham uning yuqori saviyada ekanidan dalolat beradi. Bu tajriba “So‘g‘diyona” uchun juda qo‘l kelishi, ayniqsa hal qiluvchi uchrashuvlarda jamoaga ishonch bag‘ishlashi kutilmoqda.

Klub matbuot xizmati Nikola Mirkovichga yangi jamoada omad, barqaror o‘yin va ishonchli seyvlar tilab, uning tajribasi “So‘g‘diyona”ning yangi mavsumdagi maqsadlariga yetishishida muhim omil bo‘lishiga umid bildirdi. Muxlislar esa yangi posbondan yorqin o‘yinlar kutib qolmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » “So‘g‘diyona” darvozasini serbiyalik tajribali posbon qo‘riqlashi ma’lum bo‘ldi