
Afrika Millatlar kubogida 2-tur bahslari qizg‘in davom etmoqda. «B» guruhidan o‘rin olgan markaziy uchrashuvda Misr milliy jamoasi JAR milliy jamoasini minimal hisobda mag‘lub etib, navbatdagi muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv taqdiri birinchi bo‘lim oxirida hal bo‘ldi. 45-daqiqada hakam JAR darvozasi tomon penalti belgiladi va jamoa sardori Muhammad Saloh sovuqqonlik bilan unumli foydalanib, yagona golni o‘z nomiga yozdirdi.
Ikkinchi bo‘limda janubiy afrikaliklar hisobni tenglashtirishga urinishdi, ammo misrliklar himoyada ishonchli harakat qilib, minimal ustunlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lishdi. Shu tariqa, Misr terma jamoasi ikkinchi turda ham zafar quchib, guruhda 6 ochko jamg‘ardi.
Bu natija Misrni «B» guruhida yakka peshqadamga aylantirdi va jamoa Afrika Millatlar kubogida ilk bo‘lib pley-off yo‘llanmasini rasman kafolatladi. JAR esa 3 ochko bilan ikkinchi o‘rinda qolmoqda va keyingi o‘yinlarda taqdirini hal qiladi.
Misr - JAR - 1:0
Gol: Saloh (45, penalti)
Guruh doirasidagi yana bir bahsda Angola milliy jamoasi hamda Zimbabve milliy jamoasi o‘rtasidagi uchrashuv durang bilan yakunlandi — 1:1. Angolaliklar safida Jelson Dala 24-daqiqada hisobni ochgan bo‘lsa, Zimbabve javob golini birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda Musona orqali urdi.
Angola – Zimbabve 1:1
Gollar: Jelson Dala 24 – Musona 45+6
Shu tariqa, «B» guruhida kurash yanada qizib bormoqda, Misr esa o‘zining chempionlik da’vosini amaliy natijalar bilan isbotlashda davom etyapti.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.