date

«So‘g‘diyona» serbiyalik tajribali hujumchi Feysal Mulichni olib keldi

«So‘g‘diyona» serbiyalik tajribali hujumchi Feysal Mulichni olib keldi

Yangi mavsum arafasida katta maqsadlar sari ishonch bilan intilayotgan "So‘g‘diyona" futbol klubi tarkibni mustahkamlash borasida faol ish olib bormoqda. Jizzaxliklar navbatdagi muhim transferni amalga oshirib, hujum chizig‘ini tajribali legioner bilan kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi.

Klub matbuot xizmati tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, serbiyalik markaziy hujumchi Feysal Mulich bilan rasmiy shartnoma imzolangan. Tomonlar o‘rtasida tuzilgan kelishuvga binoan, futbolchi 2026 yil oxiriga qadar «So‘g‘diyona» sharafini himoya qiladi.

Mulich — Yevropa va Osiyo maydonlarida katta tajriba to‘plagan hujumchi sifatida tanilgan. U faoliyati davomida turli chempionatlarda o‘ynab, o‘zini jismonan baquvvat, havo to‘plarida ustun va jamoaviy o‘yinga mos futbolchi sifatida namoyon etgan.

Serbiyalik legioner turli yillarda Germaniyaning «Myunxen 1860», Belgiyadagi «Royal Mouschron», Isroilning «Hapoyel Achre», «Hapoyel Tel-Aviv» va «Bnei Yehuda» klublari safida to‘p surgan. Shuningdek, u Sloveniyaning «Mura», Bosniya va Gersegovinadagi «Veles Mostar», Janubiy Koreyaning «Seongnam» hamda «Suvon Blyuingiz» jamoalarida ham o‘ynagan.

Osiyodagi faoliyati davomida Mulich Qozog‘istonning «Yelimay» va Tailandning «Buriram Yunayted» klublarida ham maydonga tushib, turli uslub va taktik talablarga moslasha olishini isbotlagan.

«So‘g‘diyona» rahbariyati ushbu transfer orqali jamoaning hujumkor salohiyatini oshirishni, tajriba va raqobat muhitini kuchaytirishni maqsad qilgan. Mulichning xalqaro tajribasi va jismoniy ustunliklari yangi mavsumda jizzaxliklar uchun muhim omil bo‘lishi kutilmoqda.

Endi barcha e’tibor serbiyalik hujumchining maydondagi o‘yiniga qaratilgan. Muxlislar esa Feysal Mulich «So‘g‘diyona» bilan birga yangi tarix yoza olishiga umid qilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » «So‘g‘diyona» serbiyalik tajribali hujumchi Feysal Mulichni olib keldi