
O‘zbekiston milliy jamoasining sobiq bosh murabbiyi Timur Kapadze 2025 yil yakunlariga ko‘ra dunyodagi eng kuchli milliy terma jamoa murabbiylari reytingida yuqori natija qayd etdi. Xalqaro futbol tarixi va statistikasi federatsiyasi (IFFHS) tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatda u sakkizinchi o‘rinni egalladi.
Ma’lum qilinishicha, Kapadze 10 ochko jamg‘arib, Kolumbiya milliy jamoasi bosh murabbiyi Nestor Lorenso bilan bir xil natija ko‘rsatdi. Bu esa o‘zbekistonlik mutaxassisning xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora oshib borayotganidan dalolat beradi.
Reyting peshqadamini Ispaniya terma jamoasi ustozi Luis de la Fuente qo‘lga kiritdi. Undan keyin Portugaliya milliy jamoasi bosh murabbiyi Roberto Martines hamda Argentina terma jamoasini boshqarayotgan Lionel Skaloni joy oldi. Shuningdek, kuchli o‘nlikka Norvegiya, Angliya, Fransiya, Marokash va Meksika milliy jamoalari murabbiylari ham kiritildi.
Eslatib o‘tish joiz, avvalroq Timur Kapadzening Indoneziyada ko‘ringani ortidan uning ushbu mamlakat milliy jamoasiga o‘tishi mumkinligi haqida turli mish-mishlar tarqalgan edi. Biroq orqasidan bu gaplarga aniqlik kiritilib, mutaxassis rasman “Navbahor” klubining yangi bosh murabbiyi sifatida tanishtirildi.
Bu natija Kapadzening faoliyati xalqaro darajada ham yuqori baholanayotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi.
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.