
2025 yil ham “paxtadek” uchib o‘tdi, endi esa turli xalqaro nashrlar, tadqiqot markazlari va statistik kompaniyalar futboldagi yil sarhisobini chiqarishga kirishdi. Shu qatorda nufuzli manbalardan biri — Manila Standard ham Osiyo qit’asining eng kuchli besh nafar futbolchisini saralab, reyting e’lon qildi.
Ro‘yxatda Yevropaning katta sahnasidan tortib, Osiyo arenasida porlayotgan tajribali yulduzlargacha bor. Eng muhimi — bu TOP-5da hamyurtimiz Abduqodir Husanov ham qayd etildi.
Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”)
Angliyaning eng qudratli klublaridan biri — “Manchester Siti” bir yil avval 40 million yevro sarflab, yosh o‘zbek himoyachisini o‘z safiga qo‘shib olgan edi. Pep Gvardiola qo‘l ostida Husanovning o‘sishi tezlashdi: tezlik, jismoniy barqarorlik, o‘yinni “oldindan o‘qish”, kurashuvchanlik — bu uning eng katta qurollari.
Qolaversa, Abduqodir faqat markazda emas, o‘ng qanotda ham samarali harakat qila oladigan universal himoyachi. Bu esa hozirgi futbolda “oltin bilet” degani.
Joriy mavsumda u jarohat tufayli bir qator o‘yinlarni o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, “shaharliklar” uni kelajak loyihasining muhim bo‘g‘ini sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Qishki transferlar oynasi oldidan esa 21 yoshli himoyachiga “Liverpul”, markaziy himoyachi qidirayotgan “Real”, Fransiyada yuqoriga ko‘tarilgan “Lans” hamda tiklanishga intilgan “Nitssa” tomonidan qiziqish bo‘lgani haqida gap-so‘zlar tarqaldi.
Kaoru Mitoma (“Brayton end Xouv Albion”)
Osiyodan Angliyaga “o‘rnashib olgan” yulduzlardan yana biri — yaponiyalik Kaoru Mitoma. U “Brayton”da jamoani yetaklaydigan asosiy figuraga aylanib ulgurdi va APLdagi eng xavfli vingerlar qatorida qolmoqda.
U o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmini yuqori darajada o‘tkazib, chempionatni 10 gol va 4 assist bilan yakunladi. Yangi mavsumda ham gol+assist bilan boshlagan 28 yoshli Mitoma kuzda og‘ir jarohat oldi va hali ham tiklanish jarayonidan o‘tmoqda. Biroq uning uslubi aniq: qaytsa — yana chap qanotda “portlash” bo‘ladi.
Li Kan In (“Pari Sen-Jermen”)
Janubiy koreyalik Li Kan In 2025 yilning birinchi yarmida Yevropaning eng nufuzli musobaqasi — Chempionlar ligasida g‘olib bo‘lgan jamoa safida bo‘ldi. Ustidan-ustak, Fransiyadagi milliy sovrinlar ham qo‘lga kiritildi.
“PSJ”da raqobat qattiq, shuning uchun Li Kan In har doim startda tushmasligi mumkin. Ammo u zaxiradan kirsa ham o‘yinni o‘zgartirib yuborishga qodir ekanini tez-tez isbotlab kelyapti. O‘tgan mavsumda u Liga 1da jamoaning 12ta goliga bevosita hissa qo‘shgan. UEFA Superkubogi finalida urgan chiroyli goli esa parijliklarga “Tottenxem”ga qarshi hal qiluvchi burilish qilishga yordam bergan.
Salim Ad-Davsari (“Al-Hilol”)
Faqat Yevropada emas, Osiyoning o‘zida ham “o‘chmaydigan motorlar” bor. Saudiya futboli afsonasi Salim Ad-Davsari 34 yoshida ham natija chiqarishda davom etmoqda.
O‘tgan mavsumda u barcha musobaqalarda 27 gol urdi va 18 assist qayd etdi. Joriy chempionatda esa “Al-Hilol” safida allaqachon 8ta samarali harakat muallifiga aylandi. Osiyo Chempionlar ligasining o‘tgan mavsumida 10 gol bilan to‘purarlikni ham qo‘lga kiritgan. Oktyabrda esa OFK uni 2025 yilning eng yaxshi futbolchisi deb e’tirof etdi.
Son Xyon Min (“Tottenxem Xotspur” / “Los-Anjeles”)
Harri Keyn ketganidan keyin “Tottenxem”ni yelkasida ko‘targan sardor — Son Xyon Min 2025 yilning birinchi yarmida ham APLda o‘ynadi va jamoaga Yevropa ligasi yo‘llanmasini “so‘ndirmay” olib berdi.
Yozda shartnomasi tugagach, koreyalik yulduz yangi qadam tashladi va AQSHning “Los-Anjeles” klubiga ko‘chib o‘tdi. Eng qizig‘i: u yerda ham darajasini tushirgani yo‘q. Son “Los-Anjeles”dagi dastlabki 13 o‘yinda 12 gol urdi va 4 assist berdi. Ya’ni, qayerga bormasin — gollar “u bilan birga ko‘chib yuradi”.
Xulosa
Manila nashri tuzgan bu reyting bir narsani ochiq ko‘rsatyapti: Osiyo futboli endi faqat “iste’dodlar manbai” emas, balki katta maydonda natija berayotgan tayyor yulduzlar kontinentiga aylanyapti. Husanov, Mitoma, Li Kan In, Ad-Davsari, Son — bu ismlar 2026 yilda ham ko‘p sarlavhalarda chiqishi aniq.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.