20:12 / 16.02.2017
4 459

Jurnalist Babayanni qalam bilan o‘qqa tutdi

Jurnalist Babayanni qalam bilan o‘qqa tutdi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayanning intervyusini o‘qib qoldim. Yaqin orada qandaydir maqola o‘qib, bunday mazza qilmagandim.

Jurnalistlar

Samvel aka terma jamoa haqidagi gaplar chuqur tahlilga ega emasligidan ranjiganlar. To‘g‘ri, har kimga ham alam qilgan bo‘lardi. Siz ham ishni kommentlarni o‘qish va ularni kimgadir etkazib turishdan boshlasangiz, dahshatli vaziyatga tushasiz. Ishontirib aytaman, ranjigan bo‘lardingiz. Masalan men gazetalarni ham varaqlab ko‘rgan bo‘lardim. To‘g‘ri, bizda matbuotning kuchi yo‘qdir, balki. Denisov juda to‘g‘ri gaplarni aytgandi. Nima qilaylik, borimiz shu bo‘lsa? Milliy terma jamoa murabbiyidek saviyali odam qanoat hosil qiladigan maqola yozish har kimga ham emas. Biroq va’da beramiz, vaqti kelib o‘sishga erishamiz.

Safarlarga ko‘p borganlari, futbolchilar xatti-harakatlarini doimiy ravishda kuzatganlari uchun jurnalistlar bilan uchrashishga vaqt topa olmas ekanlar. Haqiqiy fenomen! Aktivist, komsomol va shunchaki mehnatkash inson. Agar Mourino ham shunday ishlaganida, bugun «Yunayted» 6-o‘rinda yurmasdi. Luis Enrikeda shu xislatlar bo‘lganida, balki «Barselona» Madrid klubidan oldinda bo‘lardi. Afsuski, ular jurnalistlarga intervyu berib, muxlislarga vaziyatni tushuntirib, vaqtni zoe ketkazish bilan band. Bu mutaxassislar davlat puliga yashab, uning byudjetidan kun ko‘rib yurganida bilardi vaqt qadrini.

Tamoyillar

Futbolni bir necha yillardan buyon kuzataman. Men sizga aytayotgan intervyuni o‘qibgina avvalgi murabbiylar nima sababdan muvaffaqiyatsiz natijalar qayd etganini tushunib etdim. Bravo, deb yubordim. Bo‘lar ekan-ku ishlasa?! Ishonmasangiz, Babayan terma futbolchilari oldiga qo‘yadigan talablar bilan tanishing:

«Har bir o‘yin — alohida tarix, yashab o‘tilgan umr. Ana shu shiddatli zamon futbolida bizning tanlagan yo‘limiz, futbol falsafamiz bor.
Birinchi tamoyil — agressiv, ya’ni, tajovuzkor, shuningdek, tezkor, vertikal, hujumkor hamda pressingga asoslangan futbol namoyish qilish.
Ikkinchi tamoyil — yuqori intellektual futbol. Uning ichiga o‘yinni tashkil qilish, futbolchilarning bir-birini yuqori darajada tushunishi, o‘yinning borishiga qarab taktikalarni o‘zgartirish kiradi.
Uchinchi tamoyil — milliy terma jamoa manfaati. Ya’ni, futbolchi o‘z klubi bilan qanday shartnomaga ega bo‘lmasin, terma yig‘ini va o‘yiniga kelganida terma manfaatlarini ustun qo‘yishi shart. Klub manfaati hech qachon termadan ustun bo‘lmasligi kerak!
To‘rtinchi tamoyil — insoniy sifatlar. Bu faqat futbolchilarga taalluqli talab emas. Terma jamoa lageriga qadam bosgan har bir inson bu talab va majburiyatlarga qat’iy tarzda amal qilishi shart. Terma jamoa — bu bir oila».

Shunday so‘zlarni uchratdim intervyuda. Tasavvur qilyapsizmi? Agressiv, tezkor, vertikal, gorizontal, hujumkor, pressingga asoslangan, yuqori intellektual futbol. Shundan so‘ng yaqin orada milliy terma jamoa «Barselona»dan yaxshiroq o‘ynashiga shubham qolmadi. Ishoning, tez orada chiqib olamiz shu cho‘qqiga. Faqatgina vaqt berish kerak, imkon berish kerak. Yana qaysi mutaxassis jamoaga shunday g‘oyalarni singdira oladi, qaysi biri buni futbolchilar ongiga quya oladi? Menimcha hech kim! Va hech qachon!

Mehribonlik

Ha, Babayanda insoniylik etarlicha. «Lokomotiv» va «Paxtakor»ga yordam berish uchun terma yig‘inini Turkiyaga ko‘chirdimi? Ko‘chirdi. «Amkar» bilan o‘yinni 12 fevraldan 10 fevralga surdimi? Surdi. Uning fikricha, ko‘rpani hamma o‘z tomoniga tortishi kerak emas. Bu esa murabbiyda o‘rnak olish mumkin bo‘lgan fazilatlar ham etarli ekanini ko‘rsatadi. Na Qosimov va na Abramov shunday qildi. Biri u tomonga tortdi, biri bu tomonga. «Paxtakor»ga yordam berishni xayoliga ham keltirmagandi ular. Babayan esa unday emas. U mehribon.

Yana u kamtar ham. Yig‘in tashkil qilib bergani uchun O‘FFga necha martalab rahmat aytdi. Bu uning vazifasi, tashkil qilib berishga majbur deyishi ham mumkin edi. Yo‘q, unday qilmadi. Masalan Gruziya va «Amkar»ga qarshi o‘yinlarni shaxsiy munosabatlari tufayli tashkil etgandi. Vays bilan yaxshi aloqada, shaxsan o‘zi gaplashgan telefon orqali. Demak, markazga rahmat aytmasa ham bo‘lardi, biroq aytdi. Katta ketmadi.

Donolik

Babayanga 2016 yil ichki chempionatdagi 2 ta o‘yin yoqqan: «Lokomotiv» — «Paxtakor» va «Paxtakor» — «Bunyodkor». Boshqa o‘yinlar chindan ham maqtashga arzigulik emas. U shuni bilgani uchun ham asosan «Paxtakor» ishtirokidagi o‘yinlarni kuzatadi. Bu ham o‘z navbatida vaqtni zoe ketkazmaslik uchun sabab bo‘ladi. Uning o‘rnida boshqasi bu qadar aniq prognoz qila olmagan bo‘lardi.

Murabbiy tanqiddan qo‘rqmasligini ro‘y-rost aytdi. Shunday bo‘lish kerak. Bu mardlik, bu jasurlik. «Sokker klub» tanqid qiladimi, uff.uz mi, farqi yo‘q, turib beradi hammasiga. Uning o‘rnida boshqasi bo‘lganida «dod» deb yuborgan bo‘lardi. Lekin u haqiqiy erkak kishilarga o‘xshab chidaydi. Chunki ishlayapti, ishlayotganlarni esa tanqid qilishadi.

Transfer

Sergeevga ham qoyil qolish kerak. Babayanning iltimosiga ko‘ra «Paxtakor»ga qaytib kelgan ekan. Terma jamoa bir oila bo‘lgach, muxlislar uni ichiga kirolmagach, shuncha narsadan bexabar qolganmiz. Bir og‘iz so‘z bilan qaytargan, qoyilmisiz? Nega ketayotganida olib qolmagani haqida aytmagan. Hafa bo‘ladi, deb o‘ylagandir balki. Yo‘qsa «Beyszin Goan» qolishini rosa so‘radi. Aeroportga chiqib, tiz cho‘kib yalindi. Boshqa klublardan ham yaxshigina takliflar bo‘lsa-da, ortga qaytardi Babayan. Oldingi holatiga qaytarish uchun. Ko‘ryapsizmi, hammasi terma manfaatlari uchun. Umid qilyapti, avvalgi formasini tiklab, yana gollar urishiga. Tiklamagan holatidaki shuncha takliflar bo‘lmoqdami, demak biz bunday hujumchini asrashimiz kerak.

Masharipovni aytmaysizmi? «Paxtakor» eng asosiy futbolchisini ashaddiy raqibiga berib yubordi. Babayan shu erda ham jamoasini o‘yladi, «bu faqatgina terma jamoa manfaatlari uchun xizmat qiladi. Chunki «Lokomotiv» Osiyo Chempionlar ligasida o‘ynaydi-da», dedi. Menimcha Masharipovni Qatar yoki boshqa mamlakat klublari sotib olsa, pulini ham terma jamoa markaziga o‘tkazdirib bersa kerak. Axir vatan manfaati har narsadan ustun.

Aytaylik, Babayan Sergeev, Hoshimov, Sohibov, Lobanov, Andreev kabi futbolchilarni ham terma manfaatlari uchun «Lokomotiv»ga jon deb berishi mumkin edi. Biroq afsuski, o‘z manfaatlarini ustun qo‘ygan «temiryo‘lchilar» faqatgina Masharipovni so‘radi.

O‘kinch

Odil Ahmedov haqida savol berilganida Babayan qo‘rqmasdan javob berdi — «Odil yanada kuchli bo‘ladi». Mana haqiqiy ishonch, haqiqiy dalda. Ikki-uch hafta oldin uning nomidan kimdir Odil hech qaerga ketmaydi, «Krasnodar»da qoladi deb yozib yuboribdi. Yaxshimi endi shu? Nima keragi bor birovning nomidan gapirib, fikr bildirib?

Suhbat uyushtirgan jurnalist ham sehrlanib qoldi Babayanning gaplaridan. Oxiri so‘radi, balki sizning davringizda Eron va Janubiy Koreyani mag‘lub etarmiz deb. Mana shu onda Samvel aka biroz o‘kinch bilan aytgan: «bizda o‘sha saviyadagi o‘yinchilar yo‘q. Lekin o‘yinni tashkil qilish borasida biz nomdor raqiblarga yutqazmadik». To‘g‘ri aytgan, o‘yin teng bo‘lgan. Shunchaki eronliklar darvozasiga bitta ham aniq zarba berolmaganmiz xolos. Qolgan hamma jabhada teng o‘ynaganmiz. Mardonavor to‘p surganmiz.

Xulosa

Hayotda shunday insonlar bo‘ladi, ular shunchaki daho. Balki shuning uchun bo‘lsa kerak, na odamlar uni tushunadi va na u odamlarni. Jordano Bruno Quyosh Er atrofida emas, Er Quyosh atrofida aylanadi degani uchun uni ko‘ra olishmagandi.

Babayan ham shunday. Uning fikrlashi, dunyoqarashi, IQ’siga etib borishga ancha qovun pishig‘i bor va biz uni tushuna olmayapmiz. Bunda uni ayblash adolatdan emas. Vaqti kelib uning fikrlari va asarlari kelajak avlod uchun ham xizmat qilajak.

Diyor Imomxo‘jaev,
«Erudit SPORT» gazetasi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jurnalist Babayanni qalam bilan o‘qqa tutdi