date

Babayanni ketishga "majbur qilgan" o‘yin haqida Qosimov nimalar dedi?

Babayanni ketishga "majbur qilgan" o‘yin haqida Qosimov nimalar dedi?

Superliga 7-turidan o‘rin olgan “Andijon” – OKMK (1:2) o‘yinidan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘yin haqida o‘z fikrlarini bayon qildi va berilgan savollarga quyidagicha javob berdi.

— Albatta, qiziqarli o‘yin kutayotgandik va buning guvohi bo‘ldik. Bir tomondan Andijonda o‘ynash oson emas. Ikkinchi tarafdan esa oson. Negaki, bu yerda futbolni yaxshi ko‘rishadi, ishqibozlari juda ko‘p. Yigitlarga shuni taʼkidlagandim va qo‘yilgan vazifani to‘g‘ri bajarishdi. Birinchi bo‘limda yaxshi harakatlanib, oxir-oqibat qilingan mehnatimizni ikkita gol bilan ko‘rdik.

Ikkinchi bo‘limga keladigan bo‘lsak, oxirgi 20-25 daqiqada hisobni ushlab qolishga o‘ynash baribir ruhan taʼsir qiladi. Bu oxirida pand berib qo‘yishi mumkin edi. Futbol 90 daqiqa o‘ynaladi. G‘alaba qozonganimizdan xursandmiz. Keyingi o‘yinga tayyorgarlik ko‘ramiz.

— O‘yin oxirlarida himoyachi Shahzod Toirovni ham maydonga tushirilishi hisobni saqlab qolish uchunmidi?

— Albatta. Bundan oldingi bahsni ham ko‘rib chiqqandik. “Andijon” jamoasi uzun uzatmalar bilan o‘ynaydi va bo‘ydor o‘yinchilari bor. Shuning uchun oxirida uch markaziy himoyachi bilan harakat qildik. Darvozamizga juda yaqin o‘ynashdi. Shu narsa taʼsir ko‘rsatdi. Ikkinchi bo‘limning 20-25-daqiqasigacha yaxshi vaziyatlar bor edi, pressing ham qilayotgandik.

— Jamoadagi yaponiyalik legionerlar oxirgi paytlarda asosiy tarkibda maydonga tushmayapti. Buni sababi nimada?

— Bizda ikki yapon bor. Birinchidan, rotatsiya. Ari (Arixiro Sentoku) ko‘p o‘ynayotgandi. Ikkinchidan, sxemani o‘zgartirdik va ikki tayanch yarimhimoyachi bilan o‘ynadik. Bu yerda ochiq futbol o‘ynab bo‘lmaydi. Endi keyingi bahsga tayyorgarlik ko‘riladi. Taqvim juda ham zich. Jismonan tezroq tiklanish kerak. Shu bois ham o‘yinchilarni almashtirib-almashtirib o‘ynatyapmiz hozircha. Uyog‘ini vaqt ko‘rsatadi, — deya Qosimovning so‘zlarini keltiradi “Andijon” matbuot xizmati.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Babayanni ketishga "majbur qilgan" o‘yin haqida Qosimov nimalar dedi?