Alleyn Husanovning yonida o‘ynayotganidan qanchalik mamnun ekanini aytdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- “Manchester Siti”
- Angliya Liga kubogi yarim finalidagi ilk uchrashuvda safarda “Nyukasl”ni 2:0 hisobida mag‘lub etdi.
- “Manchester Siti” himoyachisi Maks Alleyn Abduqodir Husanov bilan yaxshi aloqa o‘rnatganini va u bilan birga o‘ynashdan mamnun ekanini aytdi.
- Husanov bahsda asosiy tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa o‘ynadi va Sofascore tomonidan 8,1 ball bilan uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Angliya Liga kubogi yarim final bosqichidagi ilk bellashuvda “Manchester Siti” safarda “Nyukasl”ni 2:0 hisobida yengib, javob o‘yini oldidan o‘zi uchun ancha qulay natija yaratib oldi. Qattiq bosim, shovqinli tribunalar va jismonan baquvvat raqib — hammasi bor edi. Ammo “shaharliklar” aynan shu sharoitda ham sovuqqonlik bilan vazifani bajardi.
Uchrashuvdan keyin “Siti” himoyachisi Maks Alleyn Abduqodir Husanov bilan markazda juftlik bo‘lib o‘ynayotgani haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlaridan bilinishicha, ikki himoyachi orasida tushunish va aloqa tez shakllanyapti.
“Jamoadan juda faxrlanaman. Husanov bilan yaxshi aloqa o‘rnatib ulgurdik, u bilan birga o‘ynash juda yoqimli. Kelgusida ham birga ko‘p o‘ynashni intiqlik bilan kutyapman”, — dedi Alleyn.
Alleynning ta’kidlashicha, safardagi bu g‘alaba hech kimga oson bo‘lmagan. U ayniqsa ruhiy tomonga urg‘u berdi: maydonda to‘liq konsentratsiya, e’tiborni faqat futbolga qaratish va turli chalg‘ituvchi omillarni chetga surish — shu narsa hal qiluvchi bo‘lgan.
“Oson bo‘lmadi. Menimcha, eng asosiysi — futbolga to‘liq e’tibor qaratish va boshqa chalg‘ituvchi omillarni chetga surish. ‘Nyukasl’ jismonan kuchli va qiyin jamoa. Stadion juda shovqinli, bu yerga kelish oson emas. Ammo o‘yindan katta zavq oldim”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Albatta, bu gaplar havodan olingan emas. Chunki ushbu bahsda o‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda maydonga tushib, 90 daqiqa to‘liq harakat qildi. Uning ishonchli o‘yini Sofascore tomonidan 8,1 ballga baholandi va hamyurtimiz uchrashuvning eng yaxshi futbolchisi deb topildi.
Qisqasi, “Siti” himoyasida yangi juftlik sekin-asta “temir devor”ga aylanyapti. Muxlislar esa endi bir narsani kutyapti: javob o‘yinida ham shu ishonch, shu xarakter, shu barqarorlik davom etsin.































Izohlar 0
…