Vinisius qarorini ma’lum qildi: “Real”dan ketish niyatim yo‘q...

Vinisius Junior atrofidagi gap-so‘zlar hali ham to‘xtagani yo‘q. Sabab oddiy: braziliyalik yulduzning “Real” bilan amaldagi shartnomasi tugashiga bir yarim yildan ham kamroq vaqt qolgan. Mana shu “sanoq” fonida har qanday mish-mish tezda katta mavzuga aylanib ketyapti.
Biroq Defensa Central nashri ma’lumotiga ko‘ra, Vinisius kelajagi bo‘yicha ichki qarorni allaqachon qilib qo‘ygan. Manba ta’kidlashicha, u har qanday holatda ham “Real”ni tark etishni istamayapti. Aksincha, Vinisius Madrid grandi bilan hamkorlikni davom ettirish, shartnomani uzaytirish va o‘z kelajagini aynan “Santyago Bernabeu” bilan bog‘lashga umid qilmoqda.
Xabarda keltirilishicha, futbolchi bu klub haqida juda hissiy xulosaga kelgan:
“Vinisius ‘Real’ futbolchisi bo‘lish u bilan sodir bo‘lgan eng yaxshi narsa, degan xulosaga keldi va u bu tuyg‘udan voz kechmoqchi emas”.
Bu gaplar Vinisiusning “Real”dagi o‘rni faqat maydondagi rol bilan cheklanmasligini ko‘rsatadi. Uning uchun bu klub — shunchaki ish joyi emas, karerasining eng katta sahnasi, eng yuqori darajadagi chaqiruv va eng katta orzuga teng manzil.
Ayni paytda statistika ham uning mavsum davomida jamoaga qanchalik foyda keltirayotganini ko‘rsatadi. Vinisius Junior 2025/2026 yilgi mavsumda 28 ta o‘yinda maydonga tushib, 6 ta gol hamda 8 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan. Ya’ni u faqat yakunlovchi emas, balki hujumni ochib beradigan, sheriklariga imkoniyat yaratadigan figura sifatida ham muhim.
Endi eng asosiy intriga bitta: “Real” bu qarorga qanday javob qaytaradi? Agar tomonlar muzokaralarni tezroq “sog‘lom” yo‘lga qo‘ysa, bu mavzu uzoqqa cho‘zilmaydi. Cho‘zilsa esa — har tur, har gol, har bir omadsiz o‘yin yanada ko‘proq savol tug‘diraveradi. Ammo Vinisiusning pozitsiyasi aniq: u Madridda qolishni xohlayapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!