Ispaniya kubogi. «Barselona» «Rasing»ni mag‘lub etib chorakfinalga chiqdi

Ispaniya kubogi. «Barselona» «Rasing»ni mag‘lub etib chorakfinalga chiqdi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • «Barselona»
  • Ispaniya Kubogi 1/8 finalida «Rasing»ni 2:0 hisobida mag‘lub etib, chorakfinalga chiqdi.
  • G‘alaba gollarini 66-daqiqada Ferran Torres va 90+6-daqiqada Lamin Yamal urdi.
  • Shu kuni «Valensiya» ham «Burgos»ni 2:0 hisobida yengib, chorakfinal yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Chorakfinalda «Atletiko», «Atletik», «Albasete», «Betis», «Real Sosiyedad», «Alaves», «Valensiya» va «Barselona» ishtirok etadi.

Ispaniya Kubogida 1/8 final bahslari davom etar ekan, La Liga peshqadami va turnirning amaldagi g‘olibi — «Barselona» navbatdagi qadamni ishonchli tashladi. Kataloniya klubi Segundada yetakchilik qilayotgan «Rasing» maydoniga safar uyushtirib, og‘ir muhit va bosimga qaramay, ikki gol evaziga g‘alabani qo‘lga kiritdi.

Uchrashuvning birinchi qismida «Rasing» o‘z uyidagi o‘yinlarga xos tarzda qattiq kurash qildi, hujumlarda faol ko‘rindi va «Barselona»ning harakatlarini cheklashga urindi. Biroq «ko‘k-anorranglilar» tajribasi, to‘pni nazorat qilish madaniyati va to‘g‘ri qarorlari hisobidan oxirida o‘z so‘zini aytdi.

Hal qiluvchi palla 66-daqiqada keldi: Ferran Torres hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Bu gol o‘yinning kayfiyatini o‘zgartirdi — «Rasing» ko‘proq ochildi, «Barselona» esa qarshi hujumlarda yanada xavfli tus oldi. Uchrashuvga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Lamin Yamal nuqtani qo‘ydi: 90+6-daqiqadagi gol kataloniyaliklar g‘alabasini rasman mustahkamlab berdi.

Ispaniya Kubogi. 1/8 final. 15 yanvar

«Rasing» — «Barselona» 0:2

Gollar: Torres (66), Yamal (90+6).

Rasing — Eskiyeta, M.Garsiya (Visente, 72), Mantilla, Maza (Martin, 77), Aldasoro, Gomes (Lozano, 46), Geye, Gulyashvili (Sangali, 60), Kamara, Urdin, Man-u.

Barselona — X.Garsiya, Martin, Balde, Bernal (Fermin, 58), Kasado (E.Garsiya, 84), Kubarsi, Kunde, Yamal, Olmo (Pedri, 68), Reshford (Rafinya, 67), Torres (Levandovski, 68).

Ogohlantirishlar: M.Garsiya (29), Rodriges (71), Fermin (73), Visente (84), Sangali (89).

Shu kunigi yana bir bahsda «Valensiya» ham o‘z ishini puxta qildi. «Burgos» maydonida mehmonlar 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi.

«Burgos» — «Valensiya» 0:2

Gollar: Rubo (10), Sodiq (50).

Shu tariqa Ispaniya Kubogida barcha chorakfinalchilar ham aniq bo‘ldi. Sovrin uchun kurashni davom ettiradigan jamoalar ro‘yxati quyidagicha: «Atletiko», «Atletik», «Albasete», «Betis», «Real Sosiyedad», «Alaves», «Valensiya» va «Barselona».

Qisqasi, Kubok endi qiziydi: bu bosqichdan keyin “oson raqib” degan tushuncha deyarli yo‘qoladi. «Barselona» esa o‘zini favorit sifatida tutib, kerakli joyda kerakli zarbani beryapti — chempionlikka da’vogarlar aynan shunday g‘alabalar bilan taniladi.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar