Agar Abduqodir Husanov bo‘lmaganida "Manchester Siti" sharmanda bo‘lardi

Angliya futbolini yoritib borayotgan manbalar va jurnalistlar Premer-liganing 22-turida bo‘lib o‘tgan Manchester shahri derbisining “issig‘ini” hali ham tushirolmayapti. Chunki bu safargi bahs nafaqat prinsipiallik, balki umumiy kayfiyat va jamoalarning ruhiy holati nuqtayi nazaridan ham ko‘p narsani ochib berdi.
“Manchester Yunayted” hamda “Manchester Siti” o‘zaro 198-marotaba to‘qnash kelgan o‘yinda “qizil iblislar” 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, derbini o‘ziga bo‘ysundirdi. Eng qiziq jihati — Maykl Kerrik shogirdlari bu natija bilan yangi bosh murabbiyning debyutini ashaddiy raqib ustidan muhim g‘alaba bilan “bezab” berishdi. Ya’ni, derbining bosimi ham, “yangi davr”ning start imtihoni ham bir kunda tushdi — va “Yunayted” bu imtihondan o‘tdi.
O‘yinni tahlil qilgan esteemedkompany.com portali ekspertlari esa o‘sha kuni “Siti” safida faqat ikki nafar futbolchi haqiqatan ham borini berib o‘ynaganini alohida qayd etgan: darvozabon Janluiji Donnarumma va markaziy himoyachi Abduqodir Husanov.
Mualliflar fikricha, “Siti” “Old Trafford”da 0:2 hisobida juda noxush, irodasiz mag‘lubiyatga uchradi va bu Pep Gvardiola davridagi eng yomon o‘yinlardan biri sifatida baholanyapti. Uchrashuvning boshidanoq mehmonlar juda sust, og‘ir harakat qildi. Bunday derbida, ustiga-ustak Premer-ligadagi natijalar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadigan pallada, bunday passivlik jamoaga qimmatga tushishi tabiiy.
Tahlilda yana bir qattiq, ammo mantiqiy fikr bor: agar Donnarumma va Husanov bo‘lmaganida, “Siti” 0:2 emas, balki ancha yirik va og‘riqli hisobda mag‘lub bo‘lishi ham mumkin edi. Chunki aynan shu ikki futbolchi butun uchrashuv davomida jamoani “o‘yin ichida ushlab turish” uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qildi. E’tiborli tomoni — jamoaning eng yaxshi ikki o‘yinchisi darvozabon va markaziy himoyachi bo‘lib chiqqani “Siti”ning o‘sha kundagi umumiy holatini o‘ziyoq aytib turibdi.
Janluiji Donnarumma bir qator juda muhim seyvlar amalga oshirib, 65-daqiqagacha darvozani “qulflab” turdi. Aynan shu daqiqada Brayan Mbeumo hisobni ochdi. Italiyalik posbon bu o‘yinda ham “nega uni juda xohlab tarkibga qo‘shib olishgan”ini amalda isbotladi — ko‘p epizodlarda jamoani goldan saqlab qoldi. Tahlilchilarga ko‘ra, o‘tkazib yuborilgan gollar uchun Donnarummani ayblash adolatdan emas: agar jamoadoshlari yaxshiroq harakat qilganida, uning seyvlari butun uchrashuv taqdirini boshqacha yo‘lga burib yuborishi mumkin edi.
Abduqodir Husanov esa “Old Trafford”da himoyada haqiqiy fidokorlik namunasini ko‘rsatdi. U bir necha bor xavfli vaziyatlarda raqib hujumini to‘sib qoldi, to‘pni tortib oldi, duellarda qattiq turdi. Husanovning tezligi va jismoniy baquvvatligi o‘yin davomida yaqqol sezilib turdi. Mualliflar uning o‘yini nega Yevropadagi eng istiqbolli yosh markaziy himoyachilardan biri sifatida tilga olinishini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidlaydi.
Tahlilning umumiy kayfiyati shunday: “Siti” nuqtayi nazaridan derbi mag‘lubiyatidan ijobiy jihat topish qiyin, deyarli imkoni yo‘q. Yagona “yorug‘” nuqta — Donnarumma va Husanovning yuqori darajadagi o‘yini. Ikkalasi ham o‘z vazifasini vijdonan bajardi, ammo jamoa bo‘lib ularga ergashishmadi — aynan shu jihat “Siti” uchun eng achinarlisi bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, bu mag‘lubiyat “Siti” uchun jiddiy zarba. Endi asosiy vazifa — tezroq o‘zini qo‘lga olish. Agar jamoa qolgan o‘yinchilar ham Donnarumma va Husanov ko‘rsatgan intizom, jangovor ruh va mas’uliyat namunasiga mos harakat qilsa, Premer-ligadagi natijalarni tez orada yaxshilash imkoni bor. Aks holda, derbidagi bu “so‘nish” keyingi turlarda ham ortidan soya bo‘lib ergashib yurishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!