Fabregasning «Komo»si Rimda «Latsio»ni naqd "yerga urdi"...

Italiya chempionatida 21-turning pardasi yopilar ekan, eng so‘nggi bahs Rimda o‘tdi. «Latsio» o‘z maydonida «Komo»ni qabul qildi, ammo uchrashuv mezbonlar uchun emas — Sesk Fabregas shogirdlari uchun bayramga aylandi. Mehmonlar raqibni mutlaq ustunlik bilan 3:0 hisobida mag‘lub etib, katta g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Uchrashuv taqdiri ancha erta hal bo‘la boshladi. Hisobni 2-daqiqada Baturin ochdi — «Latsio» hali o‘yinga kirishib ulgurmagan paytdayoq «Komo» zarbasini yeb qo‘ydi. Shundan keyin ham mehmonlar hujumdan to‘xtamadi: 24-daqiqada Pas o‘z nomini tabloga yozdirdi. U shu bilan cheklanib qolmadi — 49-daqiqada yana bir bor gol urdi va dubl rasmiylashtirdi.
Qizig‘i, Pas bu kechada yanada “yorib ketishi” ham mumkin edi. 35-daqiqada «Komo» penalti tepish huquqini qo‘lga kiritdi, ammo Pas 11 metrlik zarbani golga aylantira olmadi. Biroq, o‘yinning umumiy manzarasi o‘zgarmadi: «Komo» baribir to‘liq nazoratda o‘ynadi va hisobni ishonchli tarzda saqlab qoldi.
Shu tariqa, «Komo» ochkolari sonini 37 taga yetkazib, jadvalda 6-o‘ringa ko‘tarilib oldi. «Latsio» esa 28 ochko bilan 9-pog‘onada qoldi — uyda 0:3 hisobida yutqazish Rimdagi muxlislar uchun og‘ir zarba bo‘lgani aniq.
A Seriya. 21-tur
Latsio – Komo 0:3
Gollar: Baturin 2, Pas 24, 49
Foydalanilmagan penalti: Pas 35
«Latsio»: Provedel, Marushich, Jila, Romanioli, Belayn, Kataldi (Rovella, 54), Pellegrini (Lazzari, 67), Teylor, Kansilliyeri (Isaksen, 53), Ratkov (Noslin, 53), Zakkani.
«Komo»: Butez, Smolchich (Posh, 46), Ramon, Karlos, Valle, Kakre (Roberto, 67), Perrone, da Kunya, Pas, Rodriges, Baturin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!