Arbeloa 6:1 hisobidagi g‘alabadan keyin: Bu — haqiqiy "Real"ning ruhi!

UEFA Chempionlar ligasi umumiy bosqichida «Real» o‘z maydonida «Monako»ni 6:1 hisobida tor-mor etdi. Uchrashuvdan keyin madridliklar bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa katta g‘alaba, jamoaning ruhiyati va ayrim futbolchilar holati haqida fikr bildirdi.
Arbeloaning ta’kidlashicha, «Santyago Bernabeu»dagi bu tun haqiqiy futbol bayramiga aylandi. U jamoa o‘yinini “ajoyib” deb baholab, muxlislar oldida shunday tomoshabop chiqish «Real» uchun eng to‘g‘ri yo‘l ekanini aytdi.
“Menimcha, bu juda go‘zal o‘yin bo‘ldi. O‘z stadionimizda, o‘z muxlislarimiz qarshisida futbolchilar o‘zlarini erkin his qildi, o‘yindan rohatlanishdi, chiroyli gollar urishdi. Biz aynan shunday manzarani ko‘rishni xohlaymiz”, — dedi Arbeloa.
“Bu g‘alabani murabbiy emas, futbolchilar olib berdi”
Arbeloa eng muhimi — g‘alaba uning taktik “mu’jiza”si emas, futbolchilarning mehnati va sifati ekanini ochiq aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, u jamoadan katta o‘zgarishlar talab qilmagan, faqat maydonda tartib va jamoaviy harakatlarga urg‘u bergan, xolos. Ammo shu “oz” narsaning o‘zi futbolchilar tomonidan tez qabul qilingan.
“Bu o‘yinni futbolchilar yutib berdi — o‘z mehnati, o‘z mahorati, o‘z xarakteri bilan. Bu yangi murabbiyning xizmati emas. Men ulardan so‘ragan juda kam narsani darhol qabul qilishdi. Ularning munosabati, mentaliteti menga juda yoqdi. Mana shu — «Real Madrid». Har bir madridista ana shu ruhni ko‘rishni istaydi”, — dedi u.
Asensioning jarohati: “Umid qilaman, og‘ir emas”
Uchrashuv davomida Asensio bilan bog‘liq holat ham muxlislarni o‘ylantirdi. Arbeloa bu epizod bo‘yicha xotirjam izoh berib, vaziyat jiddiy tus olmasligiga umid bildirdi.
“Umid qilamanki, jiddiy narsa emas. U shanba kuni ham o‘ynab katta ish qildi. Hozir biroz ortiqcha yuklama bor edi, shuning uchun unga tanaffus berishga qaror qildik”, — dedi Arbeloa.
“Bugun hammaning kuni edi”
Murabbiy jamoaning deyarli barcha yetakchilarini alohida tilga oldi. Unga ko‘ra, maydonda har bir futbolchi o‘z hissasini qo‘shgan, natijada «Real» bir butun mexanizm sifatida ishlagan.
“Hamma yaxshi o‘ynadi — Mastantuono, Arda Gyuler, Vini, Kilian Mbappe, Jud Bellingem… Bugun hammaning kuni edi. Biz jamoaviy harakatlarga katta e’tibor qaratyapmiz va men bu holatdan juda mamnunman. Bu — rohatlanish kerak bo‘lgan kecha”, — deya xulosa qildi Arbeloa “Movistar” efirida.
Madriddagi bu yirik g‘alaba «Real»ning Chempionlar ligasidagi kayfiyati va ishonchini yanada oshirdi. Eng muhimi esa — Arbeloa aytganidek, jamoa maydonda “Real ruhi”ni ko‘rsata oldi. Bu ruh saqlansa, «Bernabeu»dagi tunlar hali ko‘p bor shunday ovozga to‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!