Slot past himoya haqidagi Jerrardning tanqidiga qanday javob berdi?

«Liverpul» bosh murabbiyi Arne Slot klub afsonasi Stiven Jerrard tomonidan aytilgan tanqidli izohga munosabat bildirdi. Mavzu esa muxlislarga yaxshi tanish: past himoya chizig‘ida o‘ynaydigan raqiblarga qarshi o‘yinlarda «qizillar»ning ishi nega og‘irlashyapti?
Gap shundaki, Slot Chempionlar ligasida «Marsel» ustidan 3:0 hisobidagi ishonchli g‘alabadan keyin ham bir nuqtani alohida ta’kidlagan edi: jamoa past blokda himoyalanadigan raqiblarga qarshi to‘qnashuvlarda ba’zan qiynalib qolyapti. Bu fikrlar ortidan Stiven Jerrard “past himoya chizig‘i haqida gapiraverishni to‘xtatish kerak” degan mazmunda izoh berdi.
Arne Slot esa bu gaplarga xotirjam va hurmat bilan yondashdi.
“Uning aynan qanday fikr bildirganini eshitmaganman. Ammo Stiven Jerrard har doim «Liverpul»ga ijobiy munosabatda bo‘lgan va hozir ham shunday. U klub uchun chin dildan qayg‘uradi”, — dedi «Liverpul» ustozi.
Slotning aytishicha, u past himoya mavzusini ko‘p tilga olayotganini o‘zi ham his qiladi va buni qisman to‘g‘ri deb biladi. Sabab oddiy: «Liverpul» so‘nggi paytlarda aynan shu uslubni tanlaydigan jamoalarga qarshi tez-tez maydonga tushyapti. Murabbiy esa o‘yindan keyin savol berilsa, javob bermaslik “xuddi mikrofonni yo‘q qilib qo‘yish” bilan barobar ekanini yashirmadi.
Shuningdek, Slot Jerrardning futbolchilik davrini ham esladi. Uning ta’kidlashicha, Jerrard ham o‘z vaqtida past himoyaga qarshi o‘ynagan, qolaversa, aynan shunday murakkab to‘siqlarni ochib beradigan darajada mahoratli futbolchilardan biri bo‘lgan.
“Balkim, bu haqda boshqa so‘zlar topishim yoki umuman gapirmasligim kerakdir”, — deya so‘zini yakunladi Arne Slot.
Qisqasi, bu bahsda “janjal”dan ko‘ra bitta narsa aniqroq: «Liverpul»da talab katta, standart baland. Jerrard — klub ruhi, Slot — hozirgi natija uchun javobgar. Endi eng muhim javobni baribir maydon beradi: past blokni kim yaxshiroq yechsa, o‘sha katta o‘yinlarda ham yutadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!