Mourinyu tanbehi: Ronalduni yig‘latgan o‘sha lahza

Madridning “Real” klubida Joze Mourinyu davrida uning yordamchisi sifatida ishlagan Aytor Karanka jamoa ichida bo‘lib o‘tgan keskin holatlardan biri haqida so‘zlab berdi.
Uning aytishicha, Ispaniya Kubogi doirasida “Valensiya”ga qarshi bahsdan keyin Mourinyu jamoaning asosiy yulduzi Krishtianu Ronalduga qattiq tanbeh bergan. Bu holat barcha o‘yinchilar ko‘z o‘ngida sodir bo‘lgan va portugaliyalik futbolchi juda hissiyotga berilgan holda javob qaytargan.
“Krishtianu deyarli yig‘lab yuboray degandek edi. U Mourinyuga qarab: 'Men seni shunchalik qo‘llab-quvvatlagan edim-ku…' deb javob berdi”, — deydi Karanka.
Mutaxassisning fikricha, Mourinyu bu holatni ataylab shunday uslubda tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Chunki u Ronalduni butun kiyinish xonasi oldida tanqid qilib, uni jamoada eng ishongan futbolchisi sifatida ko‘rganini ko‘rsatmoqchi bo‘lgan.
“Joze va murabbiylar shtabi qabul qilgan har bir qaror faqat jamoa manfaatini o‘ylab qilingan. Uning barcha harakatlari 'Real'ning umumiy maqsadi uchun edi”, — deya qo‘shimcha qiladi Karanka.
Ma’lumot uchun, Joze Mourinyu 2010–2013 yillar oralig‘ida “Qirollik klubi”ni boshqargan. Shu davrda “Real” ichki va xalqaro maydonlarda yirik muvaffaqiyatlarga erishgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!