Kerrik MYUning "Arsenal" ustidan qozongan g‘alabasi haqida nimalar dedi?

APLning 23-turida Londondagi katta to‘qnashuv muxlislar kutganidan ham dramatikroq ruhda o‘tdi. «Manchester Yunayted» «Arsenal» maydoniga mehmon bo‘lib, 3:2 hisobida g‘alaba qozondi va juda muhim uch ochkoni o‘z qo‘liga oldi. Uchrashuv taqdirini 87-daqiqada Mateus Kunyaning hal qiluvchi goli belgilab berdi.
O‘yindan keyin «qizil iblislar» bosh murabbiyi Maykl Kerrik jamoasining mehnati va xarakterini alohida ta’kidlab, futbolchilarning maydonda qilgan ishidan mamnun ekanini yashirmadi.
Kerrikning aytishicha, bu bellashuv jamoa uchun o‘ta og‘ir kechgan. Sababi — raqibning bosimi, o‘yinning shiddati va har bir epizodda yuksak diqqat talab qilingani. U o‘tgan haftadagi natija bilan qiyos qilib, bu safar g‘alaba uchun ko‘proq resurs, ko‘proq kuch va ko‘proq sabr sarflanganini ochiq aytdi.
«Yigitlar g‘alaba uchun katta kuch sarfladi. Men ular bilan faxrlanaman. Bugungi o‘yin o‘tgan haftadagiga qaraganda ancha qiyin kechdi. O‘tgan hafta oson bo‘lgandi demoqchi emasman, ammo o‘shanda butun o‘yin davomida o‘z ritmimizda harakat qilgan edik. Bu safar esa muvaffaqiyatga erishish uchun ancha ko‘proq kuch sarflashga to‘g‘ri keldi», — dedi Kerrik.
Eslatib o‘tish kerak, 17 yanvar kuni «Manchester Yunayted» o‘z maydonidagi derbida «Manchester Siti»ni 2:0 hisobida mag‘lub etgan edi. Endi esa «Arsenal» ustidan qo‘lga kiritilgan 3:2 hisobidagi g‘alaba Kerrik jamoasi uchun yana bir katta psixologik turtki bo‘lib xizmat qildi.
Qisqasi, «Yunayted» ketma-ket ikki katta sinovdan muvaffaqiyatli o‘tdi. Eng muhimi — jamoa faqat natija bilan emas, xarakter, iroda va so‘nggi daqiqalarda ham “boshni tushirmaslik” bilan muxlislarga yoqimli signal beryapti.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!