Mbappe Chempionlar ligasida Ronalduning rekordini yangiladi

Madridning “Real” klubi hujumchisi Kilian Mbappe “Benfika”ga qarshi uchrashuvda gol urib, Chempionlar ligasida yangi rekord o‘rnatdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Fransuz futbolchi bahsning 30-daqiqasida raqib darvozasini ishg‘ol qildi. Shu tariqa Mbappening joriy Chempionlar ligasi mavsumidagi gollari soni 12 taga yetdi va bu turnirning guruh/umumiy bosqichi uchun yangi rekord bo‘ldi. 27 yoshli forvard bu ko‘rsatkich bilan “Real”ning sobiq yulduzi Krishtianu Ronalduni ortda qoldirdi: portugaliyalik 2015/16 yilgi mavsum guruh bosqichida 11 marta gol urgan edi. O‘sha kampaniyada Ronaldu jami 16 ta gol bilan “qirollik klubi”ga sovrinni qo‘lga kiritishda katta hissa qo‘shgan.
Qayd etish joiz, Mbappe 12 ta golga yetish uchun atigi yetti o‘yin o‘tkazdi. Ronaldu esa 11 ta golni olti uchrashuvda urgan — o‘sha paytda guruh bosqichi atigi olti turdan iborat edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!