date

Samvel Babayan: "Superliga — 2026" eng qiziqarli mavsum bo‘ladi

Samvel Babayan: "Superliga — 2026" eng qiziqarli mavsum bo‘ladi

«Andijon» bosh murabbiyi Samvel Babayan «Kaspiy»ga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvidan (0:1) keyin va Superliga qur’asi haqida klub matbuot xizmatiga o‘z mulohazalarini bildirdi. Murabbiyning aytishicha, jamoa mavsum oldidan tayyorgarlikni izchil davom ettirmoqda, Antaliyadagi bahs esa rejaning muhim bir nuqtasini “yopib bergan”.

Babayan ta’kidlaganidek, «Kaspiy» bilan o‘yin jismoniy tiklanish va yuklamaga boy bo‘lgan tayyorgarlikning birinchi bosqichini yakunlaydigan sinov vazifasini o‘tagan. Ushbu bellashuvda asosiy e’tibor futbolchilarning funksional holatini ko‘tarish, o‘yin formasini “qaytarish” va sur’atni oshirish kabi jihatlarga qaratilgan.

Murabbiy shu bosqichda deyarli barcha futbolchilarga imkoniyat berilib, o‘yin vaqti teng taqsimlanganini ham alohida qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, charchoq sharoitida har bir ijrochining individual fazilatlarini ko‘rish, o‘yin salohiyatini baholash hamda taklif etilayotgan taktik modelga moslashish darajasini aniqlash jamoa uchun juda muhim vazifa hisoblanadi.

Superliga qur’asi haqida gapirar ekan, Babayan raqib kim bo‘lishi yoki qachon to‘qnash kelishi hal qiluvchi omil emasligini ta’kidladi. Uning fikricha, qur’aning o‘zi — mavsum eshigi qoqilayotganining yaqqol belgisi. Shu sabab, bu jarayon muxlislar uchun ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Murabbiy 2026 yilgi chempionat formatiga ham to‘xtalib o‘tdi: har bir jamoa 15 ta uyda, 15 ta mehmonda — jami 30 ta o‘yin o‘tkazadi. Shu bilan birga, klublarning moddiy-texnik bazasi sezilarli ravishda yaxshilangani, tarkibni kuchaytirish imkoniyatlari kengaygani aytildi. Babayanga ko‘ra, buning natijasida har bir jamoada sifatli futbolchilarni taklif qilish, raqobatni kuchaytirish uchun sharoit bor.

Yakunda esa murabbiy ishonch bilan shunday xulosa qildi: 2026 yilgi mavsum, ehtimol, eng qiziqarli chempionatlardan biriga aylanadi. Sababi — ko‘plab klublar yuqori maqsadlar qo‘ygan, “oson” uchrashuvlar degan tushuncha deyarli qolmaydi. Muxlislar uchun esa bu — har turda intriga, har o‘yinda kurash degani.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Samvel Babayan: "Superliga — 2026" eng qiziqarli mavsum bo‘ladi