Nuri Shahin “Bashakshehir”ning yirik g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Turkiya Kubogi A guruhining 3-turida “Istanbul Bashakshehir” safarda “Fatix Karagyumryuk”ni 4:1 hisobida yirik mag‘lubiyatga uchratdi. Uchrashuv natijasi nafaqat jamoaning guruhdagi imkoniyatlarini oshirdi, balki “Bashakshehir”ning shu musobaqadagi katta maqsadlari borligini ham yana bir bor ko‘rsatdi.
Bahsdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Nuri Shahin matbuot anjumanida o‘yin haqida fikr bildirib, futbolchilarining harakatlaridan mamnun ekanini yashirmadi.
“O‘yinni boshidan oxirigacha nazorat qildik va juda ko‘p golli vaziyatlar yaratdik. Raqibga deyarli imkoniyat bermadik. To‘plar nisbati uchun yana ko‘proq gol urishimiz ham mumkin edi. Futbolchilarimni tabriklayman. Kubokda “Trabzonspor”ga qarshi finalga teng bahs o‘tkazamiz. O‘sha o‘yinda ham g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga chiqishni istaymiz”, — dedi mutaxassis.
Nuri Shahinning gaplaridan bir narsa aniq: “Bashakshehir” bu turnirga shunchaki qatnashish uchun kelmagan. Matbuot anjumanida undan “Bu mavsum Turkiya Kubogida final yoki chempionlikni maqsad deb bilasizmi?” deb so‘ralganda, javob juda ham qat’iy bo‘ldi:
“Albatta. Bu — bizning aniq maqsadimiz. Ushbu tizimda guruhdan chiqish oson emas. Taqvim jihatidan ham katta ustunligimiz bo‘lmadi. Chempionatning ilk uchligidan ikki jamoa bilan o‘ynayapmiz. Ammo bu bahona emas. Inshaalloh, “Trabzonspor”ni ham mag‘lub etib, keyingi bosqichga chiqmoqchimiz. Keyingi bosqichga chiqsak, eng kuchli 8 jamoa safiga qo‘shilamiz. U yerdagi asosiy maqsadimiz — finalda o‘ynash va kubokni qo‘lga kiritish”.
Darhaqiqat, guruh tizimida har bir ochko oltinga teng. Har bir xatolik esa ketishga sabab. Shuning uchun Shahin “taqvim qiyin” deb bahona qilmasdan, jamoasidan maksimal natija talab qilayotgani sezilib turibdi.
Murabbiy shuningdek, uchrashuvda gol urib, o‘yini bilan ko‘pchilikning e’tiborini tortgan xorvatiyalik chap qanot futbolchisi Ivan Brnich haqida ham iliq fikr bildirdi:
“Ivan Brnich biz uchun juda muhim futbolchi. Qachon maydonga tushsa, foyda keltiradi. Uning nomidan juda xursandman. Bir-birimizni yanada yaxshiroq tushuna boshladik. Avvalroq to‘psiz harakatlarda muammolari bor edi, hozir esa bir-birimizni juda yaxshi anglayapmiz, deb o‘ylayman”, — dedi Nuri Shahin.
Qizig‘i, mazkur uchrashuv o‘zbek muxlislari uchun yanada shirin bo‘ldi. Chunki bahsda hamyurtlarimiz Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullayev ham o‘z hisoblariga gol yozdirib qo‘ydi. Ya’ni, maydonda nafaqat jamoaviy ustunlik, balki individual jihatdan ham “Bashakshehir”ning kayfiyati yuqori bo‘lgani ko‘rindi.
Endi esa eng muhim sinov oldinda — “Trabzonspor”ga qarshi bahs. Nuri Shahin uni “finalga teng o‘yin” deb atadi. Demak, bu to‘qnashuv guruhdagi taqdirni hal qiladigan, haqiqiy xarakter sinovi bo‘ladi. “Bashakshehir” esa ochiq aytyapti: maqsad — final, maqsad — kubok.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!