"Siti"da oy laureati bo‘lgan Husanovga butun dunyodan olqishlar yog‘ilmoqda

O‘zbekiston milliy terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov "Manchester Siti"da yana bir yorqin e’tirofga sazovor bo‘ldi. Klub matbuot xizmati tomonidan o‘tkazilgan ovoz berish natijalariga ko‘ra, 21 yoshli legionerimiz yanvar oyining eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Qizig‘i shundaki, u ushbu sovrin yo‘lida tajribali jamoadoshlari - Janluiji Donnarumma va jamoa sardori Bernardu Silvani ortda qoldirgani aytilmoqda.
Bu xabar chiqishi bilan "Siti" muxlislarining ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiyasi ham alohida mavzu bo‘ldi. Tabriklar, munosabatlar, tahlillar - hammasi juda ko‘p. Eng ko‘p uchraydigan fikr shunday: Husanov sovringa to‘liq loyiq, u jamoa himoyasiga vazminlik va qat’iylik olib kiryapti, Xosep Gvardiola esa uni tez-tez asosiy tarkibda maydonga tushirishi kerak.
Muxlislar Husanovning o‘yinida aynan ikki jihatga ko‘proq urg‘u berishgan: tezlik va tiklanish. Ya’ni hujumchi qochib ketaman desa ham, Abduqodir ko‘p holatlarda yetib olishni, pozitsiyani to‘g‘ri tanlashni, to‘pni olib qo‘yishni biladi. Shu sababli, ba’zi muxlislar uning himoyaning o‘ng qanotida ham juda foydali bo‘lishini eslab o‘tishgan. Ba’zilar esa aksincha, u markaziy himoyachi sifatida aynan "boshqa darajadagi" ekanini qayd etishgan.
Kecha kerak bo‘lsa, bugun ham ijtimoiy tarmoqlarda "iltimos, zaxiraga o‘tkazmang" degan gap qayta-qayta aylandi. Chunki muxlis uchun bir narsa muhim: maydonda kim ish bersa - o‘sha o‘ynasin. Qolgani esa, rostini aytganda, muxlislarga "qog‘ozdagi reja"dek ko‘rinadi.
Quyida "Siti" muxlislari tomonidan bildirilgan fikr-mulohazalardan ayrimlari keltiriladi:
Pat Looker:
Sovringa juda ham munosib. Men ovozimni unga berdim. O‘yindan o‘yinga yaxshilanyapmiz.
Karani W Derrick:
Iltimos, endi uni zaxiraga o‘tkazmang.
Huckii Ni Mejjah:
Nega Pep Husanovni o‘ng qanot himoyachisi sifatida o‘ynatmay qo‘ydi? U bu pozitsiyada juda yaxshi. Husanovni o‘ng qanotga qo‘ysa, markazda Ruben Diash va Mark Gexi bilan birga o‘ynay oladi.
Mehribon Quavor:
Husanov hozir bizdagi eng yaxshi himoyachi.
Xrizo Kristi:
Uning tiklanish tezligi eng yuqori darajada. Bizga "Enfild"da uning xizmati juda zarur. Ayni paytda u doimiy asosiy tarkib futbolchisi bo‘lishi kerak.
Nkeh Francis:
Sen eng yaxshi bo‘lish uchun hamma narsani qilyapsan, Husanov.
Ðizø Çøñcëpțs:
Haqiqatan ham bizning o‘zbek yulduzimiz! Parvozingni davom ettir, Husanov!
Robbi Mutimusakwa:
U Kayl Uoker kabi juda tez, chaqmoqdek tezlikka ega.
Vinsent Makb:
Abduqodir bu mukofotga haqiqatan ham loyiq.
Stiv Uilson:
Husanov jilmaydi! Bunga loyiq. Markaziy himoyachilar o‘yinini tomosha qilish har doim ham yoqimli bo‘lavermaydi. Lekin Abduqodir boshqa masala.
Jastin Siyunda:
Husanov juda agressiv. Juda yaxshi himoyachi. Uning tajovuzkor uslubi menga yoqadi.
Deng Matim:
Sovringa loyiq. U har bir o‘yinda juda muhim rol o‘ynadi.
Kris Namate:
Bu bola hujumchilarni "tutib olishni" biladi.
Tamandani Mark Chiputula:
Husanovga Afrikadan, Malavidan katta muhabbat yo‘llaymiz.
Afeworki Kinfe:
Munosib. Bizning kelajakdagi eng yaxshi himoyachimiz.
Eyrik Yensen:
Husanov har doim 100 foiz kuch bilan o‘ynaydi. Endi u gladiatorcha fikrlashni jamoadoshlarining ko‘pchiligiga ham o‘tkazishi kerak. Loyiqsan, yigit!
Abdu Sa’diy:
Jazoyirdan salom, o‘zbek birodarlarimizni yaxshi ko‘raman.
Dancun Kimulwo:
Husanovga Afrikadan, Keniyadan tabriklar.
Ingichka uzun quloq:
Agar Husanov muntazam o‘yin o‘tkazsa, u har doim "oyning eng yaxshi futbolchisi" sovrinini yutib oladi.
Xulosa shuki, muxlislar Abduqodirni nafaqat "yosh iste’dod," balki tayyor natija beradigan, o‘yin taqdirini o‘z pozitsiyasida hal qila oladigan himoyachi sifatida qabul qila boshlashdi. Endi eng muhim masala bitta: bu ishonch doimiy o‘yin amaliyoti bilan mustahkamlansa, Husanov uchun "yanvarning eng yaxshisi" faqat boshlanishi bo‘lib qolishi mumkin. Spoyler: agar u shu sur’atda davom etsa, sovrinlar javoniga "sig‘may qolish" xavfi bor.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!