Buффon Ronaldu haqida bunday futbolchini ko'rmaganini aytdi

"Yuventus" va Italiya terma jamoasining afsonaviy darvozaboni Janluiji Buffon Krishtianu Ronaldu haqida fikr bildirdi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Buffonning so'zlariga ko'ra, Ronalduga qarshi o'yinlar uning uchun doimo sinov bo'lgan: ular to'qnash kelgan deyarli har bir uchrashuvda portugaliyalik hujumchi darvozani ishg'ol qilgan. Faqat bir bahs istisno bo'lgan, ammo o'sha o'yinda Buffon qizil kartochka olganidan keyin ham Ronaldu baribir gol urishga erishgan.
Italiyalik sobiq posbon Ronaldu bilan o'yinlar arafasida uxlab bo'lmasligini tan oldi. Uning ta'kidlashicha, Krishtianu tajovuzkor, shafqatsiz va juda tez, raqiblardan doim bir necha metr oldinda bo'ladi. Buffon uni jarima maydonida "haqiqiy yirtqich" deb atab, bunday darajadagi futbolchini hech qachon uchratmaganini qo'shimcha qildi.
Ma'lumot uchun, Janluiji Buffon 2023 yilda faoliyatini yakunlagan. Yaqinda 41 yoshini nishonlagan Krishtianu Ronaldu esa hanuz "Al-Nasr" safida to'p surmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!