date

BBC Husanovning "Siti"dagi shov-shuvli yo‘li haqida maqola e’lon qildi...

BBC Husanovning "Siti"dagi shov-shuvli yo‘li haqida maqola e’lon qildi...
BBC nashri Abduqodir Husanov haqida katta maqola e’lon qildi. Unda yosh himoyachining “Manchester Siti”dagi ilk qadamlari, debyutdagi qiyin lahzalar, tezligi va “aql bilan o‘ynaydigan” uslubi alohida ta’riflanadi. Qisqasi, kechagina ko‘pchilik uchun nom bo‘lgan yigit bugun Angliya futbolida e’tirof etilayotgan personajga aylanyapti.

Premer-ligada tarixiy ilk qadam

Husanov Angliya elita divizionida maydonga tushgan ilk o‘zbekistonlik futbolchi sifatida tarixga kirdi. Bu o‘z-o‘zidan katta voqea. Ammo har bir katta sahnada birinchi chiqishning narxi bo‘ladi.

BBC eslatganidek, himoyachining “Siti” safidagi debyuti qiyin kechgan: o‘yinning 4-daqiqasidayoq ketma-ket xatolar, va natijada raqibning birinchi goliga sabab bo‘lgan epizod. Ustidan-ustak, ko‘p o‘tmay sariq kartochka ham olgan. O‘sha bahsda, 2025 yil yanvarda “Chelsi”ga qarshi o‘yinda, Husanov 33 million funt sterling evaziga jamoaga qo‘shilgan himoyachi sifatida yanada ko‘proq diqqat markazida bo‘lgan.

O‘sha og‘ir startdan keyin fikrlar ham qattiq chiqdi. Gari Nevill “yigit uchun yig‘lagim keldi” degan bo‘lsa, keyinroq “Real Madrid”ga qarshi Chempionlar ligasidagi mag‘lubiyatdan so‘ng Pol Robinson uni “fara nurida qotib qolgan quyonga o‘xshardi” deya keskin ta’riflagan.

Lekin futbolda eng muhim narsa — birinchi xato emas, undan keyin qanday turib ketishing.

Muvaffaqiyatsizlikdan tayanch himoyachigacha

BBC'ning asosiy fikri shunda: “Manchester Siti” to‘rt musobaqada ham yuqori maqsadlar uchun kurashayotgan bir paytda, Husanov avvalgi qoqilishlarni orqada qoldirib, himoya chizig‘ida ishonchli tayanchlardan biriga aylandi. Pep Gvardiola uni “yuqori saviyadagi futbolchi” deb atagani ham bejiz emas.

E’tiborli jihat — 21 yoshli himoyachi uch yil ichida Belarus ligasidan Angliya Premer-ligasigacha bo‘lgan juda tez va hayratlanarli sakrashni amalga oshirgan. Bu oddiy transfer tarixi emas, bu xarakter tarixi.

BBC qayd etishicha, yozda bo‘ladigan Jahon chempionatida ham Husanov O‘zbekiston sharafini himoya qilishi kutilyapti. Ya’ni u klubda ham, termada ham mas’uliyati katta bo‘lgan o‘yinchiga aylanmoqda.

“Juda aqlli” degan baho bekor emas

Husanov bu mavsum “Siti” safida barcha musobaqalarda 22 marta maydonga tushgan. U “Manchester Yunayted” (birinchi davrada) va “Nyukasl” mag‘lub etilgan bahslarda, shuningdek, “Enfild”da amaldagi chempion “Liverpul” ustidan irodaviy g‘alaba qozonilgan o‘yinda ham qatnashgan.

“Liverpul”ga qarshi o‘yindan keyin Gvardiola Husanovning Muhammad Saloh va Ugo Ekitike kabi nomdor hujumchilarga qarshi juda puxta harakat qilganini ta’kidlagan. Biroq ikkinchi bo‘limda Abduqodir “Siti” darvozaboni Janluiji Donnarumma bilan to‘qnashib ketgach, almashtirilgan.

Til masalasida ham qiziq epizod bor: Husanov Manchesterga kelganda ingliz tilini deyarli bilmagan. Gvardiola esa bu haqda hazil aralash shunday degan: “U hali Uilyam Shekspirdek gapirmaydi, ammo kun sayin yaxshilanyapti. Nimani istashimizni tushunadi va har safar yaxshiroq o‘ynayapti. U juda aqlli.”

Husanovning tabiati ham BBC'da ta’riflanadi: kamgap, lekin maydonda “so‘zini aytadi” — ortiqcha bezaksiz, qat’iy va ishonchli uslubda.

Tezlik — zamonaviy futbolda oltin narx

Maqolada eng ko‘p urg‘u berilgan nuqta — tezlik. Husanov joriy mavsumda soatiga 22 mil (taxminan 35 km/soat) tezlikka chiqqan. Bu Premer-ligadagi himoyachilar orasida oltinchi ko‘rsatkich sifatida keltirilgan. Yetakchi natija esa “Vulverxempton” futbolchisi Jekson Chatchuada — 23,2 mil.

Bu imkonsiz ko‘ringan pozitsiyadan turib ham Husanov MYU yarim himoyachisi Brunu Fernandeshning Mbemoga uzatgan to‘pini qaytara olgandi.
Statistika ham yomon emas: bu mavsumda Husanov 17 marta to‘pni olib qo‘yish va 18 marta to‘sib qolishni amalga oshirgan. Har ikki ko‘rsatkichda u “Siti” tarkibida ikkinchi o‘rinda qayd etilgan. Ruben Diash, Yoshko Gvardiol va Jon Stounz safdan chiqqan paytda, Abduqodir himoyada bo‘shliqni to‘ldirishda juda muhim vazifani bajargan.

"Bo‘rilar" "Siti"ning pressingini chetlab o‘tmoqchi bo‘ladi, ammo Xusanov markazdan qanotga chiqib, uzatmani to‘xtatadi.
Tahlilchilar fikriga ko‘ra, “Siti”ning yuqori bosim va ofsayd tuzog‘iga asoslangan xavfli uslubida tezkor markaziy himoyachi — hayotiy zarurat. Chunki u yo raqibni ofsaydga tushirish uchun oldinga “o‘qdek” chiqishi kerak, yo uzun uzatmalarda orqaga qaytib xavfni o‘chirishi shart.

Husanov to‘pni qabul qilib olgan Ekitike bilan duelga chiqishdan aqlli ravishda voz kechdi, chunki u Gakponing yorib kirishini payqadi. Ortga yugurish orqali u Gakponing darvozabon bilan birga-bir chiqib ketishini to‘xtata oldi.
BBC keltirgan yana bir raqam: u har 90 daqiqada o‘rtacha 17,85 marta sprint amalga oshiradi — bu ligadagi markaziy himoyachilar orasida eng yuqori ko‘rsatkich sifatida qayd etilgan.

Endigi Husanov — avvalgisidan boshqa

Albatta, to‘p bilan muomala qilganda ba’zi muxlislarda hali ham ixtiyorsiz xavotir uyg‘onishi mumkin. Bu — debyutdagi o‘sha og‘ir xotiraning soyasi. Lekin BBC va Gvardiola aytmoqchi bo‘lgan asosiy gap bitta: u hali yosh, hali pishadi, ammo o‘sish sur’ati juda tez.

Gvardiola uning kelajagiga ishonadi va “Siti” ko‘p yillar uchun ishonchli markaziy himoyachiga ega bo‘lganini ta’kidlagan.

“Odatda jismoniy kuchli futbolchi ko‘p o‘ylab o‘tirmaydi, deyishadi. Ammo u har ikkala sifatga ham ega. Shuning uchun to‘p bilan o‘ynashi ham yaxshilanib bormoqda. Bu meni uning yana o‘sishiga ishontiryapti.

Menimcha, u yanada rivojlanadi. Qayta takrorlayman 'Manchester Siti' ko‘p yillar uchun ishonchli markaziy himoyachiga ega bo‘ldi”, deydi klub ustozi.

Qisqasi, kecha “fara nuridagi quyon” deb ta’riflangan yigit bugun Angliya futbolida o‘z o‘rnini topayotgan, O‘zbekiston futboli uchun esa yangi eshiklarni ochayotgan himoyachiga aylandi. Endi uning oldidagi vazifa oddiy: shu tempni saqlash, tajriba to‘plash va har o‘yinda o‘zini yanada mustahkam isbotlash. Muxlislar esa bunday yo‘lni ko‘rishga tayyor — chunki bu hali boshlanishi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » BBC Husanovning "Siti"dagi shov-shuvli yo‘li haqida maqola e’lon qildi...