Shomurodov va Fayzullayev yonib o‘ynadi, lekin omad kulib boqmadi...

Bugungi kunda xorij chempionatlarida to‘p tepayotgan o‘zbekistonlik futbolchilar safimiz tobora kengayib bormoqda. Deyarli har hafta legionerlarimiz goli, assisti yoki shunchaki maydondagi “mujikona” o‘yini bilan muxlislarni quvontirayapti. Xo‘sh, yakunlangan hafta ular uchun qanday o‘tdi? Bu safar e’tiborni “Istanbul Bashakshexir” safida harakat qilayotgan Eldor Shomurodov hamda Abbosbek Fayzullayev faoliyatiga qaratamiz.
Klub joriy mavsum oldidan tarkibni sezilarli kuchaytirdi: bir qator yuqori saviyadagi ijrochilar olib kelindi va maqsad ham katta — chempionatda yuqori pog‘onalar uchun jiddiy kurash. Yozda jamoaga qo‘shilgan ikki nafar o‘zbekistonlik futbolchi esa qisqa fursatda “moslashib olgan legioner” emas, balki jamoaning muhim figuralariga aylanib ulgurdi.
Bu fikrni bosh murabbiy Nuri Shaxinning so‘zlari ham tasdiqlaydi. Mutaxassis Eldor Shomurodovning jamoa uchun ahamiyatini alohida ta’kidlab, uni ligadgi eng “aqlli” hujumchilardan biri, deya baholadi. Nuri Shaxinga ko‘ra, Eldor hozir ko‘proq qanotlarda harakat qilib, vaziyatni to‘g‘ri o‘qiydi, qarorlarni ham juda puxta qabul qilyapti. Shuning uchun “Bashakshehir” undan maksimal samara chiqarishga harakat qilmoqda: maydonda erkinlik ham, liderlik ham berilyapti.
Biroq haftaning natijasi jamoa uchun ko‘ngildagidek bo‘lmadi. “Bashakshehir” o‘z uyida turnir jadvalida yonma-yon kelayotgan “Beshiktosh”ni qabul qildi va 2:3 hisobida juda alamli mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu derbiga yaqin bahsda Eldor Shomurodov ham, Abbosbek Fayzullayev ham asosiy tarkibda maydonga tushdi.
Eng qizig‘i, har ikki futbolchi ham gol urishga juda yaqin keldi. Biroq omad bir qadam naridan qochdi: zarbalar yo darvoza to‘siniga tegdi yoki darvozabon tomonidan qaytarildi. Ya’ni, o‘yin bo‘ldi, harakat bo‘ldi, imkoniyat bo‘ldi — faqat tablodagi “gol” degan so‘z yetishmadi.
Ma’lumki, Eldor Shomurodov to‘purarlar poygasida yetakchilik uchun kurash olib bormoqda. “Beshiktosh”ga qarshi bahsda hisobni ocha olmagach, u peshqadamlikni Pol Onuachuuga boy berdi. Ayni paytda Onuachuu 16 ta gol bilan oldinda, Eldor esa 15 ta gol bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Bu farq kichikdek, lekin to‘purarlar poygasida bitta epizod ham katta ahamiyatga ega.
Hozirda “Bashakshehir” 33 ochko jamg‘arib, Turkiya Superligasi turnir jadvalida 5-o‘rinni egallab turibdi. Demak, jamoa yuqori pog‘onalar uchun kurashdan uzilgani yo‘q, ammo bunday uchrashuvlarda yo‘qotilgan ochkolar keyin “qaytib kelmas” bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, Shomurodov va Fayzullayev maydonda o‘zini ko‘rsatyapti, jamoadagi o‘rni mustahkam, murabbiy ham ishonyapti. Ha, bu hafta omadsiz tugadi. Lekin mavsum uzun, bunday kechalar esa odatda keyingi o‘yinlarda “jazo”ga aylanadi: futbolchilar yanada g‘azabli, yanada chanqoq va yanada xavfli bo‘lib chiqishadi. Muxlislar esa shunga umid qiladi — navbatdagi turda to‘sin emas, tablo “ishlasin”.