Osimhen Napoli rahbariyati va’dalarni bajarmaganini aytdi

Nigeriyalik hujumchi Viktor Osimhen “Napoli”ni tark etishiga aynan klub rahbariyatining ayrim va’dalarni uddalamagani sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Futbolchi aytishicha, u o‘zini aldagandek his qilgan. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Osimhen muxlislar oldida yuzaga kelgan vaziyat uchun ham afsusdaligini bildirdi: uning so‘zlariga ko‘ra, klub rahbariyati tushuntirish bermagani tufayli ayrim muxlislar hatto uning uyiga kelib, nima bo‘lganini so‘rashgan.
Hujumchi TikTok’da tarqalgan videolardan keyin klub bilan munosabatlar soviganini ta’kidladi. Osimhenning aytishicha, penaltini ura olmaslik — xato bo‘lishi mumkin, biroq bu futbolchini masxara qilish uchun sabab emas. U o‘ziga nisbatan irqchilikka yo‘l qo‘yilganini ham eslatib, rahbariyat bunday hol bo‘lmasligini va’da qilganini, ammo va’dalar ushlanmaganini aytdi.
Osimhenning qo‘shimcha qilishicha, rahbariyat uning ketish niyatidan xabar topgach, munosabat keskin o‘zgargan va u o‘ziga nisbatan hurmatsizlikni sezgan.
Hozirda Viktor Osimhen Turkiyaning “Galatasaray” klubida to‘p surmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!