date

Nuri Shahin "Bashakshehir"ning kechagi g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Nuri Shahin "Bashakshehir"ning kechagi g‘alabasi haqida nimalar dedi?

Turkiya Superligasining 23-turida “Istanbul Bashakshehir” safarda “Alanyaspor”ni 2:1 hisobida yengib, navbatdagi muhim natijani qo‘lga kiritdi. Uchrashuvdan so‘ng jamoa bosh murabbiyi Nuri Shahin bahsning og‘ir kechganini yashirmadi va o‘yin haqida batafsil fikr bildirdi.

Mutaxassis avvalo, birinchi bo‘limdagi harakatlardan juda katta qoniqish olganini aytdi. Uning ta’kidlashicha, jamoa o‘sha qismida rejani aniq bajargan, to‘pga egalik qilish va o‘yin sur’atini boshqarishda o‘zini erkin his qilgan.

“Bu biz uchun oson bahs emasdi. Birinchi taymda jamoamning o‘yinidan juda-juda roziman. Ikkinchi taymda esa, afsuski, uchinchi golni kirita olmadik. “Alanyaspor” esa chiroyli zarba bilan hisobni qisqartirdi”, — dedi Nuri Shahin.

Shu bilan birga, u “Bashakshehir” o‘z uslubidan chekinmaganini alohida urg‘ulab o‘tdi. Dastlabki daqiqalarda ba’zi detallar “qovushmay” qolgan bo‘lsa-da, keyin jamoa vaziyatni to‘liq nazoratga olgan. Nuri Shahinning gapiga qaraganda, aynan shu barqarorlik va to‘pni ushlab turish qobiliyati g‘alabaning kaliti bo‘lgan.

“Asosiy o‘yin uslubimizdan qaytmadik. Boshida ayrim jihatlar chiqmadi, ammo keyin to‘pni nazorat qilishda qiyinchilik bo‘lmadi. Birinchi bo‘limda juda yaxshi o‘ynadik. Futbolchilarimni tabriklayman. Ikkinchi bo‘limda uchinchi golni urishimiz shart edi. Rostini aytsam, 3–4 oy oldin biz bu o‘yinni yutarmidik — bilmayman”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Murabbiy himoyadagi intizomni ham alohida e’tirof etdi. Uning fikricha, jamoa darvozasini “toza” saqlashga juda yaqin bo‘lgan, xavfli holatlarga deyarli yo‘l qo‘ymagan. Shuning uchun ham bu g‘alaba — shunchaki natija emas, balki xarakter va mehnatning mevasi.

“Darvozamizni yaxshi qo‘riqladik, deyarli xavfli vaziyatlarga yo‘l qo‘ymadik. Biz uchun juda qimmatli 3 ochkoni oldik. Jamoamdan to‘liq mamnunman. Yo‘limizni davom ettiramiz. “Alanyaspor”ga omad tilayman”, — dedi Nuri Shahin.

E’tiborli jihati, mazkur bahsda hamyurtimiz Abbosbek Fayzullayev ishlab bergan penaltini Eldor Shomurodov aniq amalga oshirib, jamoasiga katta foyda keltirdi. Qisqasi, “Bashakshehir” safarda ham o‘z gapini o‘tkaza olyapti — endi esa asosiysi, shu ritmni yo‘qotmaslik.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Nuri Shahin "Bashakshehir"ning kechagi g‘alabasi haqida nimalar dedi?