Anchelotti Istanbul finalini eslab, tanaffusdagi ogohlantirishini aytdi

Italiyalik murabbiy Karlo Anchelotti 2005 yilgi Chempionlar ligasining Istanbuldagi afsonaviy finalini yodga oldi. O‘sha uchrashuvda uning qo‘l ostidagi «Milan» birinchi bo‘limdan keyin 3:0 hisobida oldinda borayotgan edi. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Biroq ikkinchi taymda «rossoneri» olti daqiqa ichida ketma-ket uch gol o‘tkazib yubordi va o‘yin keskin burilib ketdi. Yakunda «Milan» penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berib, sovrindan quruq qoldi.
Anchelottining ta’kidlashicha, taktik jihatdan bu o‘yin uning jamoasi uchun eng puxta tayyorlangan bahslardan biri bo‘lgan. «Tanaffusda muxlislar qo‘shiq aytishda davom etardi, men esa futbolchilarga: “Ehtiyot bo‘ling, hammasi hali tugagani yo‘q. Ular hali o‘lmagan”, dedim», — deya murabbiy so‘zlarini Cadena SER keltiradi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yozdan beri Karlo Anchelotti Braziliya terma jamoasini boshqarmoqda. Italiyalik mutaxassis jamoani 2026 yilgi jahon chempionatiga tayyorlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!