Benfika Prestianni chetlatilishi bo'yicha rasmiy bayonot berdi

UEFA «Benfika» futbolchisi Djanluka Prestianni va «Real» vingeri Vinisius Junior o'rtasidagi mojaro yuzasidan tekshiruvni davom ettirmoqda. Madrid klubi futbolchisi raqibini irqchilikda ayblagan, dastlabki xulosalarga ko'ra esa Prestianni tomonidan kamsitish holati qayd etilgani aytilmoqda. Bu haqda euro-football.ru xabar beradi.
Shu sabab argentinalik futbolchi vaqtincha bir o'yinga diskvalifikatsiya qilindi. Ushbu qarordan so'ng «Benfika» rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Klub UEFAdan Prestianni chetlatilgani haqida xabarnoma olganini va qarorni apellyatsiya qilish niyatida ekanini bildirdi. «Benfika» muddatlar qisqaligi sabab bu shikoyat javob uchrashuviga ta'sir ko'rsatmasligi mumkinligini ham tan oldi, shuningdek klub irqchilik va kamsitishning barcha ko'rinishlariga qarshi qat'iy kurashishini yana bir bor ta'kidladi.
«Real» va «Benfika» o'rtasidagi javob bahsi 25 fevral kuni Madriddagi maydonda o'tkaziladi. Lissabondagi ilk o'yinda «Real» 1:0 hisobida g'alaba qozongan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!