Nuri Shaxin “Borussiya”dan bo‘shatilgan davr katta saboq bo‘lganini aytdi

Nuri Shaxin “Borussiya”dan bo‘shatilgan davrni eslar ekan, bu voqea unga og‘ir bo‘lsa-da, katta tajriba va to‘g‘ri xulosalar berganini aytadi. Uning ta’kidlashicha, futbol olamida bir gap yuradi: yaxshi murabbiy bo‘lish uchun avval bir marta ishdan bo‘shatilish ham kerak. Shaxin bu iborani o‘z hayotida his qilganini yashirmadi.
— 20-yil ichida birinchi marta ta’tilda bo‘ldim. Chunki futbolchi rolidan murabbiy roliga juda tez o‘tib ketgandim, — deydi u.
U aytadiki, aynan shu olti oylik tanaffus unga o‘zini tinglash, to‘xtab o‘ylash va “qaysi joyda nima noto‘g‘ri ketdi?” degan savolga xolis javob berish imkonini bergan. Bu davrda u o‘z-o‘zini qattiq tanqid qilgan, emotsiyadan chiqib, umumiy manzaraga tepadan qarashga uringan.
— Shu tanaffus davomida o‘zimni tinglashga, nima noto‘g‘ri ketgani haqida o‘ylashga, o‘z-o‘zimni tanqid qilishga va umumiy manzarani ko‘rishga ulgurdim, — deydi Shaxin.
Uning so‘zlaridan bilinishicha, bu vaqtda u dunyodagi eng kuchli murabbiylarning ish uslubi bilan o‘zini taqqoslab ko‘rgan. Qaysi jihatda ortda qolgani, qaysi tarafdan o‘sishi kerakligini aniqroq anglab yetgan. Shaxin bu tajribani “ajoyib imkoniyat” deb atadi — chunki shoshqaloqlik yo‘q, og‘ir bosim yo‘q, faqat tahlil va xulosa bor.
Eng ta’sirli gaplaridan biri esa shunday: u “Dortmund”ni tark etgan kuniyoq keyingi ishi muvaffaqiyatliroq bo‘lishini his qilgan. Ya’ni bu ketish — oxir emas, qayta qurilish, yangi bosqichga tayyorgarlik bo‘lgan.
Qisqasi, Nuri Shaxin uchun o‘sha ishdan bo‘shatilish — mag‘lubiyat emas, “qayta yuklanish” ekan. Endi esa u qaytib kelganda, shunchaki ambitsiya bilan emas, tajriba, xulosa va ancha kuchli ichki tayyorgarlik bilan kelgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!